Dunyo bo‘ylab yana 4 milliondan ortiq odam majburiy ko‘chirilishi mumkin

Global miqyosda gumanitar yordam qisqarishi fonida majburiy ko‘chirilganlar soni 4 mlndan oshishi kutilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Daniya Qochqinlar Kengashining ma’lum qilishicha, hayotni saqlab qolishga qaratilgan yordamlar hajmining kamayishi sababli kelasi yil oxirigacha dunyo bo‘ylab yana 4 mlndan ortiq odam o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lishi mumkin.
Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda 117 mln kishi majburan ko‘chirilgan. Mojarolar soni esa qariyb 130 taga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich asr boshidagisiga nisbatan ikki baravar oshgan.
Daniya Qochqinlar Kengashi bosh kotibi Charlotte Slentening ta’kidlashicha, urushdan faqat ustidagi kiyimi bilan qochayotgan oilalar uchun vaziyat tobora og‘irlashmoqda, chunki ilgari mavjud bo‘lgan xalqaro yordam tizimida jiddiy uzilishlar yuzaga kelgan.
Eng keskin vaziyat Sudanda kuzatilmoqda. Bu mamlakatdagi urush to‘rtinchi yiliga kirgan bo‘lib, allaqachon 13,5 mln kishi ko‘chirilgan. Yana 670 mingga yaqin aholi joriy va kelasi yil davomida o‘z uyini tark etishi prognoz qilinmoqda.
BMT agentliklari esa moliyaviy yetishmovchilik sabab qo‘shni Chaddagi qochqinlarga suv va oziq-ovqat yetkazib berish to‘xtatilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Mazkur xulosalar 27 mamlakat bo‘yicha xavfsizlik, ekologik va boshqa omillar asosida tayyorlangan bo‘lib, tadqiqot IBM ko‘magida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki urushdan zarar ko‘rgan davlatlarga $100 milliardgacha mablag‘ ajratishi haqida yozgan edik.