Samarqandda 70 yoshli fuqaroning sirli o‘limi yuzasidan tekshiruv boshlandi

eʼlon qilindi
Mazkur holat yuzasidan marhumning o‘lim sabablarini aniq belgilash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan
70 yoshli fuqaro o‘limi
Foto: Telegram / Fayzbog‘

Samarqand viloyatida 70 yoshli fuqaroning vafoti bilan bog‘liq holat jamoatchilik e’tiborini tortdi. Mazkur voqea yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, marhum II-guruh nogironi bo‘lgan va so‘nggi yillarda Alsgeymer kasalligi bilan og‘rib kelgan. Uning yaqinlari aytishicha, u 10-aprel kuni kutilmaganda bedarak yo‘qolgan. Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida erkak Samarqand tumani hududidagi ruhiy xastalar shifoxonasiga joylashtirilgani aniqlangan.

Oilaning bildirishicha, marhumning o‘g‘li otasini darhol uyga olib ketmoqchi bo‘lgan, biroq voqea dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli shifoxona xodimlari bemorni faqat ish kunida, rahbariyat ruxsati bilan chiqarish mumkinligini ma’lum qilgan. Natijada u dushanba kuni uyiga olib ketilgan.

«Ammo, uning ahvoli o‘sha paytda o‘ta og‘ir edi. Shifoxonadagi «qassob» shifokorlar otam qoniga o‘ta kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni yuborgan va u uyiga qaytganidan keyin bir sutka davomida o‘ziga kelmay yotib, oxiri 14 aprel, seshanba kuni halok bo‘ldi», — deydi marhumning o‘g‘li Telegram kanalida.

Qarindoshlarining da’vo qilishicha, bemor shifoxonada bo‘lgan vaqtida unga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qo‘llangan. U uyiga qaytgach, bir sutkadan ortiq o‘ziga kelmay yotgan va 14-aprel kuni vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan marhumning o‘lim sabablarini aniq belgilash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bosh prokuratura tekshiruv jarayonlari har tomonlama, to‘liq va xolis olib borilishini hamda yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishini ma’lum qilgan.

Hozircha rasmiy xulosa e’lon qilinmagan bo‘lib, voqeaning barcha tafsilotlari tergov yakunlariga ko‘ra aniqlashtiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan aktrisa Dono Boboxonova 80 yoshida vafot etgani haqida yozgandi.

Shuningdek