Endi kripto-aktivlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish mumkin

eʼlon qilindi
Kredit, garov yoki boshqa jalb qilingan mablag‘lar bundan mustasno
Endi kripto-aktivlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish mumkin / Foto: CIO Africa

O‘zbekistonda kripto-aktivlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyati joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Adliya vazirligi tomonidan «Barqaror tokenlar aylanasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ushbu hujjat O‘zbekiston kripto-aktivlar bo‘yicha tartibga solish hujjati doirasida maxsus tartiblarni belgilaydi.

Barqaror token (stablecoin) – qiymati milliy yoki xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng bo‘lgan kripto-aktiv turi ekani qayd etilgan. Mazkur maxsus rejim doirasida O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar barqaror tokenlarni emissiya qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuningdek, tajriba-sinov loyihalari doirasida milliy yoki xorijiy valyuta bilan ta’minlangan barqaror tokenlarni chiqarish, ularni mamlakat hududida to‘lov vositasi sifatida qo‘llash hamda xalqaro pul o‘tkazmalarida foydalanish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, blokcheyn texnologiyasi asosida ishlovchi to‘lov tizimlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Qoidalarga ko‘ra, barqaror tokenlarni chiqarish uchun ta’minot faqat Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda saqlanadigan milliy yoki xorijiy valyutadagi mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi. Kredit, garov yoki boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, arizalarni ko‘rib chiqish va maxsus rejim ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning yagona tartibi joriy etilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek