O‘zbekistonda mehnat bozori: bir o‘ringa 19 ta nomzod to‘g‘ri kelmoqda

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 33 mingdan ortiq vakant e’lon qilingan bo‘lsa-da, 636 mingdan ziyod rezyume joylashtirilgani sabab mehnat bozorida raqobat keskin oshdi. HeadHunter’ning ma’lum qilishicha, hozirda har bir ish o‘rniga o‘rtacha 19 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda (Kursiv’da tahlil mavjud).
Hududlar kesimida
Unga ko‘ra, yanvar–mart oylarida hh.uz platformasida 33 mingdan ortiq faol vakantlar joylashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga ko‘p. Vakansiyalarning asosiy qismi hali ham Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — umumiy ulushning 81,6 foizi. Shu bilan birga, Samarqand (+31,8%), Andijon (+35,8%), Farg‘ona (+20,3%) va Navoiy (+41,1%) kabi hududlarda ham sezilarli o‘sish qayd etilgan.
Eng ko‘p ish takliflari
Eng ko‘p ish takliflari savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelib, uning ulushi 14,4 foizni tashkil etdi. Marketing va reklama (10,7%), go‘zallik va fitnes xizmatlari (7,3%), IT sohasi (6,4%) ham yetakchi yo‘nalishlar qatoridan joy oldi. Ayniqsa, chakana savdo (+33,8%), turizm (+26,7%) va tibbiyot (+20,1%) yo‘nalishlarida vakantlar soni tez o‘sdi.
Ish haqi bo‘yicha ko‘rsatkichlar
Shu bilan birga, ish haqi bo‘yicha vaziyat biroz murakkabroq. 2026-yil birinchi chorakda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha (median) taklif etilayotgan ish haqi 6 million 295 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 5,6 foizga kamaygan. Eng yuqori maosh Toshkentda qayd etilgan — 10,5 mln so‘m, undan keyin Navoiy (8 mln so‘m) va Farg‘ona (7,6 mln so‘m) turadi. Aksincha, Samarqandda ish haqi keskin pasayib, 4 mln so‘m atrofida shakllangan.
Mutaxassislar kesimida eng yuqori maoshlar yuqori va o‘rta menejmentda (11,3 mln so‘m), strategiya va konsalting (8,8 mln so‘m) hamda yuridik sohada (8,6 mln so‘m) qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa xizmat ko‘rsatish va ishchi kasblarida kuzatilgan.
Bir o‘ringa 19 ta nomzod
Bundan tashqari, 2026-yilning dastlabki uch oyida platformada 636 mingdan ortiq rezyume joylashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 31,5 foizga ko‘p. Rezyumelarning asosiy qismi yana Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi — 72,3 foiz. Biroq Chirchiq (+76,5%), Samarqand (+49,5%) va Nukus (+42,1%) kabi hududlarda ham katta o‘sish kuzatilgan.
Tahlilga ko‘ra, hozirda har bir vakant ish o‘rniga o‘rtacha 19 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 18,5 foizga oshgan. Eng yuqori raqobat xavfsizlik sohasida (45,6 nafar nomzod bitta ish o‘rniga), transport va logistika (39,6), hamda ishchi kasblarda (39,2) kuzatilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ish beruvchilar eng ko‘p qidirayotgan mutaxassisliklar qaysi ekani haqida yozgandi.