
Argentinalik afsonaviy futbolchi Lionel Messi Ispaniya futbolining beshinchi divizionida ishtirok etuvchi «Kornelya» klubining yangi egasiga aylandi. Bu haqda jamoaning rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
«Sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi Leo Messi klubni sotib olish jarayonini rasmiylashtirdi. Bu qadam uning sport va mahalliy iqtidorlarni rivojlantirishga bo‘lgan sadoqatini tasdiqlaydi», — deyiladi klubning rasmiy bayonotida.

«Kornelya» stadionining sig‘imi bor-yo‘g‘i 1500 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bu jamoa tizimidan David Raya va Xordi Alba kabi taniqli futbolchilar yetishib chiqqan. Messining o‘zi Ispaniya futbolida chuqur tarixga ega bo‘lib, «Barselona» safida 778 ta o‘yinda maydonga tushgan, 672 ta gol urgan hamda 10 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.
E’tiborlisi shundaki, futbol yulduzlarining Ispaniya klublariga sarmoya kiritishi tobora ommalashmoqda. Fevral oyida Messining azaliy raqibi, hozirda «Al-Nassr» a’zosi bo‘lgan Krishtianu Ronaldu ham Ispaniyaning «Almeriya» klubi aksiyalarining 25 foizini sotib olgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Serxio Ramos «Sevilya» klubini sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.