Samsung smartfonlaridan iPhone’ga fayl uzatishda ma’lumotlar yo‘qolmoqda

Samsung Galaxy S26 va One UI 8.5 qobig‘iga ega boshqa smartfonlardan iPhone qurilmalariga AirDrop orqali fayl uzatishda texnik xatolik kuzatilmoqda. Foydalanuvchilar uzatilgan fayllarda muhim ma’lumotlar saqlanib qolmayotganini ta’kidlagan.
Yaqinda Samsung Galaxy S26 seriyasi hamda so‘nggi Android operatsion tizimining One UI 8.5 beta-versiyasida ishlovchi boshqa modellar Quick Share yordamida iPhone’ga bevosita fayl jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi. Biroq, dastlabki foydalanuvchilar ushbu funksiyaning ishlashida kamchilik borligini ko‘rsatib o‘tdi.
Suratlar iPhone’ga o‘tkazilganda joylashuv, obyektiv parametrlari va boshqa tafsilotlarni o‘z ichiga olgan metama’lumotlarsiz yetib bormoqda. Videolar uzatilganda esa faqatgina piksellar o‘lchami va bir nechta tayanch ko‘rsatkichlargina saqlanib qoladi.
Samsung kompaniyasi ushbu holatga munosabat bildirdi. Kompaniyaning Koreyadagi rasmiy sayti hamjamiyat moderatori ta’kidlashicha, Quick Share jamoasi xatolikdan xabardor va uni bartaraf etish ustida ishlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung yangi avlod uchtalik buklanuvchi smartfonini patentlagani haqida xabar bergan edi.