Namangandagi tibbiyot muassasalarida 300 mln so‘mga yaqin ortiqcha undirilgan mablag‘lar qaytariladi

eʼlon qilindi
Natijada bemorlardan noqonuniy tarzda olingan to‘lovlar aniqlanib, ularni qayta hisob-kitob qilish va qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi
So‘m
Foto: Facebook/Sun’iy intellekt

Namangan viloyatida bir qator tibbiyot birlashmalarida iste’molchilardan asossiz ravishda undirilgan mablag‘lar yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Natijada bemorlardan noqonuniy tarzda olingan to‘lovlar aniqlanib, ularni qayta hisob-kitob qilish va qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Raqobat qo‘mitasining viloyat boshqarmasi tomonidan To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmalarida o‘rganish ishlari olib borilgan.

Tekshiruv davomida ayrim tibbiy jihozlar belgilangan tartibda metrologik ko‘rikdan o‘tkazilmagani, shuningdek, xizmatlar narxiga kiritilgan, ammo amalda foydalanilmagan materiallar uchun ham to‘lov undirilgani aniqlangan. Ushbu holatlar natijasida iste’molchilardan qariyb 300 million so‘mga yaqin mablag‘ asossiz olingani qayd etildi.

Mutasaddilar ushbu mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish va qonun buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, holat yuzasidan tegishli qonunchilik doirasida ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarliklar aniqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek