Treyding: haqiqatdan ham bu sohada katta pul topish mumkinmi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan sohaning mohiyati, ishlash tamoyillari va eng koʻp uchraydigan xatolarni bir joyga jamladi
Foto: Shutterstock / Fotodom

Treyding. Hayotingiz davomida bir marta boʻlsa ham bu atamani eshitgan boʻlsangiz kerak. Soʻnggi yillarda mazkur soha Oʻzbekistonda ham ommalashmoqda. Ba’zilar tomonidan tarmoqlarda soha tez daromad manbai sifatida ham targ‘ib qilinmoqda. Buning ortidan esa ko‘plab insonlarning moliya bozorlariga qiziqishi ortmoqda. Shu o‘rinda tabiiy savol tugʻiladi: haqiqatdan ham bu sohada katta pul topish mumkinmi?

Treyding — bu oddiy savdo emas, balki chuqur tahlil, bilim va qat’iy intizom talab qiladigan faoliyat. Bozor qonuniyatlarini tushunmasdan amalga oshirilgan savdolar treyderlar tilida aytganda «sliv»ga olib keladi. Kursiv Uzbekistan ushbu maqolada treydingning mohiyati, ishlash tamoyillari va boshlovchilar eng ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatolarni keltiradi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Treyding nima

Treyding — bu moliyaviy aktivlarni sotib olish va sotish orqali narxlar oʻzgarishidan foyda olish jarayoni. Bu vaqt bir necha kun, soat yoki hatto daqiqalar bilan oʻlchanadi. Nazariy jihatdan jarayon oddiy koʻrinadi. Ammo amalda narx harakatini oldindan aniqlash eng murakkab vazifalardan biri hisoblanadi.

Treyding tahlilga asoslanadi va u asosan ikki yoʻnalishga boʻlinadi: fundamental va texnik tahlil. Fundamental tahlil iqtisodiy koʻrsatkichlar, yangiliklar va kompaniyalar faoliyatini oʻrganadi. Texnik tahlil orqali esa grafik va tarixiy maʼlumotlar orqali narx dinamikasi tahlil qilinadi. Tajribali treyderlar odatda bu ikki yondashuvni birgalikda qoʻllaydi. Chunki bozorni faqat bitta usul bilan tushunish koʻpincha yetarli boʻlmaydi.

Moliyaviy bozorlar: qayerda savdo qilinadi

Foto: Shutterstock

Savdolar turli bozorlarda amalga oshiriladi va har bir bozor oʻz xususiyatlariga ega. Eng yirik va likvid bozor valyuta bozori. Bu yerda davlatlar valyutalari savdo qilinadi va kurslar iqtisodiy hamda siyosiy omillarga bogʻliq ravishda oʻzgaradi.

Fond bozorida kompaniyalar aksiya va obligatsiyalari muomalada boʻladi. Bu yerda narxlar kompaniya daromadi, yangiliklar va investorlar kayfiyatiga qarab oʻzgaradi. Tovar bozori esa oltin, neft va boshqa resurslarni oʻz ichiga oladi va global iqtisodiyot bilan chambarchas bogʻliq.

Soʻnggi yillarda kriptovalyuta bozori ham ommalashdi. Bu yerda narxlar juda tez oʻzgaradi, bu esa katta foyda bilan birga katta riskni ham anglatadi. Bundan tashqari, derivativlar bozori ham mavjud boʻlib, unda fyuchers va opsionlar kabi murakkab instrumentlar savdo qilinadi.

Treyder va investor: farq nimada

Moliyaviy bozorda treyder va investor ikki xil yondashuvni ifodalaydi. Treyder qisqa muddatli foydaga eʼtibor qaratadi. U narxlarning kichik tebranishlaridan ham daromad olishga harakat qiladi va tez-tez savdo qiladi.

Investor esa uzoq muddatni tanlaydi. U aktivni yillar davomida ushlab turadi va kompaniyaning umumiy oʻsishidan foyda oladi. Bu farqni tushunmaslik koʻpincha xatolarga olib keladi. Chunki treyding tezkor qarorlar va yuqori intizom talab qiladi, investitsiya esa sabr va strategiyani.

Treyding turlari va strategiyalar

Foto: depositphotos

Treyding yagona uslubdan iborat emas. U turli strategiya va yondashuvlarni oʻz ichiga oladi. Masalan, kunlik treydingda barcha bitimlar bir kun ichida yopiladi. Bu usul tezkorlik va doimiy eʼtiborni talab qiladi.

Skalping esa eng tezkor usullardan biri hisoblanadi. Unda savdolar soniyalar ichida amalga oshiriladi va kichik narx oʻzgarishlaridan foyda olinadi. Swing-treyding nisbatan uzoqroq davom etadi. Bitimlar bir necha kun yoki hafta ochiq qoladi va asosan trendga tayanadi.

Shuningdek, zamonaviy bozorlarda algoritmik treyding ham keng qoʻllaniladi. Bu usulda savdolar maxsus dasturlar orqali avtomatik bajariladi. Bozorda «buqa» va «ayiq» tushunchalari muhim oʻrin tutadi. «Buqa» strategiyasi narx oshishiga, «ayiq» esa pasayishiga yoʻnaltiriladi.

Treydingda psixologiya

Foto: corporatefinanceinstitute.com

Treydingda eng muhim omillardan biri psixologiyadir. Qoʻrquv va ochkoʻzlik koʻpincha notoʻgʻri qarorlarga olib keladi. Narx pasayganda vahimaga tushish yoki oshganda haddan tashqari ishonch paydo boʻlishi katta yoʻqotishlarga sabab boʻlishi mumkin.

Professional treyderlar hissiyotlarga emas, strategiyaga tayanadi. Ular oldindan belgilangan reja asosida harakat qiladi va tasodifiy qarorlardan qochadi. Ketma-ket yoʻqotishlar esa ruhiy bosimni oshiradi. Shu sababli tajribali treyderlar vaqtida toʻxtash va pauza qilish muhimligini yaxshi tushunadi.

Treydingni qanday boshlash mumkin

Treydingni boshlash texnik jihatdan murakkab emas. Bugungi kunda hisob ochish va savdoni boshlash unchalik ham qiyin emas. Biroq muvaffaqiyatga erishish uchun puxta tayyorgarlik talab etiladi. Eng koʻp uchraydigan xatolardan biri — bilim va tajribasiz bozorga kirishdir.

Dastlab nazariy bilimlarni egallash muhim. Bozor qanday ishlashi, narxlar nimaga bogʻliqligi va asosiy tushunchalarni tushunish zarur. Shundan soʻng demo hisoblarda mashq qilish tavsiya etiladi. Bu usul orqali treyder xatolarini real pul yoʻqotmasdan koʻrib chiqadi va tajriba orttiradi.

Real savdoga oʻtilganda esa kichik summadan boshlash maqsadga muvofiq. Bu risklarni kamaytiradi va bosqichma-bosqich tajriba yigʻishga yordam beradi. Har bir treyder vaqt oʻtishi bilan oʻz savdo tizimini shakllantirishi kerak. Bu tizim kirish va chiqish nuqtalari, risk darajasi va strategiyani oʻz ichiga oladi. Rejasiz savdo esa koʻpincha hissiyotlarga asoslanadi va zarar bilan yakunlanadi.

Risk: treydingning ajralmas qismi

Treydingda risk har doim mavjud. Bozorni oldindan toʻliq prognoz qilish imkonsiz. Narxlar iqtisodiy yangiliklar, siyosiy voqealar yoki global tendensiyalar taʼsirida keskin oʻzgarishi mumkin. Shu sababli har bir bitim maʼlum darajada xavf bilan bogʻliq boʻladi.

Professional treyderlar riskni boshqarishni ustuvor vazifa deb biladi. Ular har bir savdoda depozitning kichik qismini xavf ostiga qoʻyadi. Odatda bu koʻrsatkich 1–2 foizdan oshmaydi. Bu yondashuv ketma-ket yoʻqotishlar boʻlsa ham umumiy kapitalni saqlab qolishga yordam beradi.

Bundan tashqari, risklarni kamaytirish uchun stop-loss va take-profit kabi vositalardan foydalaniladi. Bu mexanizmlar oldindan belgilangan darajada zarar yoki foydani avtomatik tarzda yopishga xizmat qiladi. Natijada treyder hissiyotlarga berilmasdan, oldindan belgilangan reja asosida harakat qiladi.

Oʻzbekistondagi bugungi holat

Oʻzbekistonda bu sohaga qiziqish soʻnggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, yoshlar orasida bu soha tez daromad manbai sifatida koʻrilmoqda. Koʻpincha yangi boshlovchilar Forex bozorini tanlamoqda. Bu bozor tezkorligi va oddiy koʻrinishi bilan jozibador, lekin aynan shu sababli u yuqori risk bilan ajralib turadi. Narxlar keskin oʻzgaradi va notoʻgʻri qaror tezda zarar keltirishi mumkin.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda bozorda oʻzini treyder sifatida koʻrsatadigan, ammo asosiy daromadini savdodan emas, balki kurs sotishdan oladiganlar ham koʻpaygan. Bu esa yangi boshlovchilar uchun qoʻshimcha xavf tugʻdiradi.

Biz bozordagi kurslarning narxlari bilan ham qiziqib ko‘rdik. Narxlar ancha yuqori. Boshlangʻich bilimlarni beruvchi kurslar $1000 dan boshlanadi. Taniqli treyderlar tomonidan taklif etiladigan darslar esa $10 minggacha yetadi.

Eslatma: ushbu material hech kimni moliya bozorlarida savdo qilishga yoki undan voz kechishga undamaydi. Keltirilgan malumotlar faqat soha bilan umumiy tanishish maqsadida taqdim etildi.

Shuningdek