Prezident Javohir Sindarovni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladi

O‘zbekiston shaxmati tarixida muhim yutuq qayd etgan grossmeyster Javohir Sindarov FIDE Nomzodlar turniridagi g‘alabasi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi tantanali marosimda taqdirlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, Sindarov O‘zbekiston shaxmat tarixida ilk bor FIDE Nomzodlar turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tarixiy natijaga erishdi. Musobaqa davomida u dunyoning yetakchi grossmeysterlariga qarshi yuksak mahorat, qat’iyat va kuchli iroda bilan ishtirok etib, 14 partiyada 10 ochko jamg‘arib, mag‘lubiyatsiz natija qayd etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan davlat rahbari ushbu yutuqni O‘zbekiston va «Yangi O‘zbekiston» sporti uchun tarixiy g‘alaba sifatida e’tirof etib, Sindarovni samimiy tabrikladi. Davlat rahbari bunday natijalar ortida yillar davomida qilingan mehnat, qat’iy intizom, ustozlar sabog‘i hamda ota-ona va yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Shuningdek, Sindarov musobaqa davomida Hindiston, AQSh, Xitoy, Niderlandiya, Germaniya va Rossiya vakillari bo‘lgan kuchli raqiblarga qarshi ishonch va matonat bilan o‘yin ko‘rsatgani alohida qayd etildi. Prezident mamlakatda shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida bunday yutuqlar yuzaga chiqayotganini ta’kidladi.
Tadbirda Javohir Sindarovga Kiprda o‘tkazilgan FIDE Nomzodlar turniridagi yuksak natijalari va sport rivojiga qo‘shgan hissasi uchun «Mehnat shuhrati» ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarov chempionlik ortidan qancha mablag‘ ishlab topgani haqida yozgan edik.



