A Seriya: «Komo» safarda «Sassuolo»ga mag‘lub bo‘lib, kuchli to‘rtlikka kirish imkoniyatini yo‘qotdi

18-aprel 2026 01:20 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: comofootball.com

Italiya A Seriyasining 33-tur doirasida Sesk Fabregas boshqaruvidagi «Komo» klubi mehmonda «Sassuolo»ga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Mag‘lubiyat sababli jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini kafolatlovchi to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilish imkonidan mahrum bo‘ldi.

O‘yindagi barcha gollar birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarida kiritildi. 42-daqiqada Mbala Nzola uzatmasidan so‘ng Kristian Volpato hisobni ochgan bo‘lsa, oradan ikki daqiqa o‘tib Nzolaning o‘zi mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qildi. «Komo» faqatgina bo‘limga qo‘shib berilgan ikkinchi daqiqada Niko Pasning aniq zarbasi bilan javob qaytara oldi.

Ushbu mag‘lubiyat «Komo»ning turnir jadvalidagi holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Agar jamoa g‘alaba qozonganida, ochkolari sonini 61 taga yetkazib, 60 ochkoga ega «Yuventus»ni ortda qoldirgan holda 4-o‘ringa chiqib olar edi. Hozirgi holatda esa «Komo» 33 ta o‘yindan so‘ng 58 ochko bilan 5-o‘rinda qolmoqda. Bundan tashqari, 57 ochko to‘plagan va bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lgan «Roma» klubida ularni quvib o‘tish imkoniyati mavjud.

Foto: Instagram / Como

O‘z maydonida g‘alabaga erishgan «Sassuolo» esa 45 ochko to‘plab, 9-o‘ringa mustahkam o‘rnashib oldi. A Seriyada 33 ta o‘yindan so‘ng 76 ochkoga ega bo‘lgan «Inter» jamoasi peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter» o‘z uyida «Sassuolo»dan ustun kelgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek