Qashqadaryoda lolazorni payhon qilganlar 61,8 mln so‘m jarimaga tortildi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida bir guruh erkaklar lolazorni avtomobilda payhon qilgani aniqlandi. Holat Ekologiya va ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganildi.
Ma’lum qilinishicha, huquqbuzarlar aniqlanib, ularga tegishli avtomobillar jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu harakatlar natijasida tabiatga 6,5 mln so‘m zarar yetkazilgan. Uch nafar shaxsning har biriga 20,6 mln so‘mdan jarima qo‘llanib, umumiy jarima miqdori 61,8 mln so‘mni tashkil etdi.
Huquqbuzarlar yetkazilgan zarar va jarimani to‘liq qoplashi belgilangan. Ekologiya qo‘mitasi fuqarolarni tabiatga ehtiyotkor munosabatda bo‘lishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlashga qarshi tekshiruvlar boshlangani haqida xabar bergan edi.