Oylik maosh 1 ming yevrodan: Slovakiyadagi Volkswagen zavodida yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi

Xorijda mehnat qilish istagidagi fuqarolar uchun Slovakiyadagi yirik avtomobil ishlab chiqarish korxonasida yangi ish imkoniyatlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Xususiy bandlik agentligi «GLOBALHR» tomonidan tashkil etilgan ushbu ish taklifi Slovakiya, Bratislava shahrida joylashgan Volkswagen zavodida ishlab chiqarish yo‘nalishida operator sifatida ishlashni nazarda tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ish o‘rinlari soni 50 ta bo‘lib, mehnat shartnomasi kamida 1 yilga tuziladi. Ish rejimi haftasiga 5 kunni tashkil etadi, oylik maosh esa ish hajmiga qarab 1 ming yevrodan boshlanadi.
Mazkur ish o‘rniga 20–45 yosh oralig‘idagi, ishlab chiqarish sohasida tajribaga ega hamda rus tilida muloqot qila oladigan erkaklar qabul qilinadi. Nomzodlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish orqali tanlov jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Ma’lumot uchun, mehnat shartnomasi bevosita ish beruvchi bilan tuziladi va ishga joylashtirish jarayoni ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. «GLOBALHR» xususiy bandlik agentligi esa taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va aniqligi bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya qassobchilik sohasida 300 nafar ishchi qabul qilishi haqida yozgan edik.