82 nafar o‘zbekistonlik turistik firmalar sabab Istanbul aeroportida qolib ketdi

Saudiya Arabistonidan qaytayotgan bir guruh o‘zbekistonlik ziyoratchilar Turkiyada, 18-aprel kuni Sabiha Gokcen International Airportda qolib ketgan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar Ihlos Travel va Hikmat Travel xizmatlari orqali Ar-Riyod — Istanbul — Chimkent — Toshkent yo‘nalishida safarni rejalashtirgan. Biroq kompaniyalar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmagani sababli yo‘lovchilar tranzit hududida sarson bo‘lib qolgan.
Ular orasida yoshi katta va betob fuqarolar ham bo‘lib, ayrimlari yo‘nalishni o‘zgartirib, bevosita Toshkentga uchish imkonini yaratishni so‘ragan.
Vaziyatga O‘zbekiston Bosh konsulxonasi aralashib, mas’ul tashkilotlar hamda turfirmalar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Natijada fuqarolar vaqtincha oziq-ovqat, transport va zarur xizmatlar bilan ta’minlandi hamda ularni xavfsiz tarzda vatanga qaytarish jarayoni nazoratga olindi.
Diplomatik vakolatxona kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun sayohat hujjatlarini oldindan rasmiylashtirish, tranzit yo‘nalishlarni aniq tushuntirish va yo‘lovchilar bilan doimiy aloqada bo‘lish zarurligini eslatdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 170 dan ortiq o‘zbekistonlik Umradan qayta olmayotgani haqida yozgandi.