Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun qator sohalarda ish o‘rni ochildi: maosh 2,5 ming dollardan boshlanadi

Germaniyada o‘zbekistonliklar texnik kasb egalari uchun yangi ish imkoniyatlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Ish o‘rinlari muhandislik, sanoat, logistika va ishlab chiqarish yo‘nalishlarini qamrab oladi. Qurilish loyihalari rahbarlari, elektr ustalari, mexaniklar, chilangarlar, shuningdek, ombor va ishlab chiqarish xodimlariga talab mavjud.
Taklif etilayotgan ishlar uzoq muddatli mehnat shartnomasi asosida bo‘ladi. Maosh miqdori oyiga $2,5 mingdan $3,5 minggacha qo‘lga berilishi kutilmoqda. Nomzodlardan texnik yoki qurilish yo‘nalishida o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumot talab etiladi. Shuningdek, ish tajribasi ham muhim hisoblanadi. Nemis tilini kamida A2 darajada bilish zarur, ayrim lavozimlar uchun esa yuqoriroq daraja talab qilinadi.
Mutaxassislar xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi va ishga mas’uliyat bilan yondashishi kerak. Jo‘nab ketish muddati 9–12 oy ichida rejalashtirilgan. Ishga joylashish jarayoni rasmiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladi. Agentlik ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi va xizmatlar ixtiyoriy asosda ko‘rsatiladi.
Murojaat qilish uchun nomzodlar agentlik bilan bog‘lanishi yoki onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Slovakiyadagi yirik avtomobil ishlab chiqarish korxonasida yangi ish imkoniyatlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.