717 mln so‘mlik baliq ovlaganlar «ovlandi»

Buxoro viloyatining Peshku tumani hududida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi. Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Qoraqir tabiiy suv havzasida o‘tkazilgan reyd davomida uch nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Tekshiruvda ular taqiqlangan to‘r yordamida baliq ovlagani ma’lum bo‘ldi. Fuqarolar 342 dona zog‘ora baliq ovlagan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 2 dona Turkiston mo‘ylovdori baliq ham ushlangan.
Shuningdek, ularda 3 dona kulrang g‘oz tuxumi borligi aniqlangan. Ushbu holat tabiatga jiddiy zarar yetkazgan.

Mutaxassislar o‘tkazgan ekspertiza natijasida ekologiyaga yetkazilgan zarar 717 mln so‘m deb baholandi. Noqonuniy ov vositalari va jami 344 dona baliq ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan hujjatlar yuqori organlarga yuborilgan. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda lolazorni payhon qilganlar 61,8 mln so‘m jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.