
General Motors (GM) kompaniyasi bir nechta davlatlarda yangi Chevrolet Tracker 2026 modelini taqdim etdi. Kursiv Uzbekistan avtomobilning mahalliy bozordagi kelajagi bo‘yicha «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Kompaniya matbuot xizmatining «Kursiv» nashriga ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda Chevrolet Tracker 2026 modelini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmagan.
«Mazkur yo‘nalishda tegishli qarorlar qabul qilingan taqdirda, bu haqda jamiyatning rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadi», – deyiladi kompaniya izohida.
Model haqida
GM 2026-yilgi Chevrolet Tracker LTZ modelini Ekvador bozorida rasman taqdim qildi. Yangilangan krossover avval mart oyida Chilida namoyish etilgan edi.

Ekvador ushbu model yetkazilgan Janubiy Amerikaning uchinchi davlati bo‘ldi. Avval u Kolumbiya va Chilida sotuvga chiqarilgan. Kompaniya vakiliga ko‘ra, yangi Tracker kundalik hayotga moslashgan zamonaviy krossover sifatida ishlab chiqilgan. Model qulaylik, texnologiya va xavfsizlikni birlashtiradi.

Ekvadorda Tracker faqat LTZ komplektatsiyasida taklif etilmoqda. Bu versiya keng texnologik va xavfsizlik opsiyalari bilan standart tarzda jihozlangan. Texnik jihatdan avtomobil 1.2 litrli turbo dvigatel bilan keladi. U 130 ot kuchi va 190 Nm moment ishlab chiqaradi. Model 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobilida kamchilik aniqlangani haqida yozgan edi.