Qoraqalpog‘istonda «Besqala Mining Valley» mayning zonasi ishga tushadi

Qoraqalpog‘iston hududida maxsus mayning zonasi ishga tushirilib, uning rezidentlari uchun 2035-yilgacha soliqdan ozod qilish tartibi joriy etiladi. Bu haqda prezident qarori e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi hududi sifatida butun Qoraqalpog‘iston Respublikasi belgilangan.
Qaror bilan zona doirasida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun yagona elektr energetika tizimi bilan bir qatorda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali sotish, ularni boshqa likvid kripto-aktivlarga ayirboshlash imkoniyati yaratiladi.
Loyihani boshqarish uchun maxsus mayning zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi esa mayning faoliyati uchun ruxsatnomalar beruvchi vakolatli organ etib belgilangan. Maxsus zona rezidenti bo‘lishni istagan yuridik shaxslar direksiyaga murojaat qilib, tegishli ruxsatnomalarni olishi mumkin.
Shu bilan birga, 2035-yil 1-yanvargacha zona rezidentlarining mayning faoliyatidan olingan daromadlari barcha soliqlar va yig‘imlardan ozod etilishi belgilangan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ayrim hollarda kriptovalyuta to‘lovlariga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.