
Huawei kompaniyasi Huawei Pura 90 smartfonini rasman taqdim etdi. Qurilma Pura 90 seriyasining bazaviy modeli bo‘lib, Pro va Pro Max versiyalari qatoridan o‘rin oladi.

Dizayn xususiyatlari
Smartfon dizaynida sezilarli o‘zgarishlar mavjud. Old kamera uchun oval shakldagi kesim qo‘llanilgan. Orqa panelda esa qiya joylashgan uchburchak kamera moduli o‘rnatilgan bo‘lib, u qurilmaning asosiy vizual elementlaridan biri hisoblanadi.
Kamera imkoniyatlari
Qurilma kameralar tizimi 50 megapikselli asosiy sensorni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, 3,7 karra optik zumga ega periskop teleobyektiv va ultra keng burchakli modul bilan jihozlangan. Old kamera ham 50 megapikselli bo‘lib, yuqori sifatli selfi imkonini beradi.

Texnik xususiyatlar
Huawei Pura 90 6,8 dyuymli displey bilan ta’minlangan. U 6500 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 100 Vt tezkor zaryadlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlash samaradorligi Pura 80 modeliga nisbatan 15 foizga oshirilgani qayd etilgan. Qurilma HarmonyOS 6.1 operatsion tizimi asosida ishlaydi.
Narxlar
Smartfonning 12 GB tezkor va 256 GB ichki xotiraga ega bazaviy versiyasi taxminan $690 dan boshlanadi. 16 GB operativ xotira va 512 GB xotiraga ega yuqori konfiguratsiya esa $835 ga baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huawei Pura X Max keng ekranli bukiluvchi smartfoni taqdim etilgani haqida xabar bergan edik.