15 sutka qamoq yoki jarima: Rossiya chegarasida yangi tartib belgilandi

Endilikda Rossiyaga kirish yoki undan chiqish vaqtida ayrim yo‘lovchilarning elektron qurilmalari tekshiriladi. Tekshiruvdan bosh tortish jarimaga yoki 15 sutka qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston migratsiya agentligi xabar berdi.
Rossiya Federatsiyasining «Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, chegara xodimlari mobil telefon, planshet va noutbuklarni tashqi ko‘rinishdan ko‘zdan kechirish, zarur hollarda esa ularni ko‘rsatishni talab qilish huquqiga ega.
Qayd etilishicha, bunday tekshiruvlar barcha fuqarolarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Ular faqat qoidabuzarlik gumoni mavjud bo‘lganda yoki xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur deb topilgan holatlarda amalga oshiriladi.
Shuningdek, qonuniy talablarni bajarmaslik ma’muriy javobgarlikka olib kelishi mumkin. Bunda 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi ehtimoli bor.
Mazkur choralar xavfsizlikni kuchaytirish, terrorizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish maqsadida joriy etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya migrantlarga yana bitta talab qo‘yishni rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.