Kattaqo‘rg‘onda 100 gektarlik mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi

eʼlon qilindi
Unda faqat N, M2, M3, O va L toifasiga kiruvchi transport vositalari ishlab chiqariladi
Kattaqo‘rg‘onda 100 gektarlik mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi / Foto: Tosun

Samarqand viloyatida sanoat salohiyatini kengaytirish doirasida Kattaqo‘rg‘on tumani hududida 100 gektarlik mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

«Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorda viloyatda mashinasozlik klasterini rivojlantirish hamda sanoat tarkibida ushbu yo‘nalish ulushini oshirish asosiy maqsad sifatida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 2030-yilga qadar Samarqand viloyati sanoatida mashinasozlik tarmog‘ining ulushini 15 foiz, sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushini esa 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, tashkil etiladigan mashinasozlik sanoat zonasida yiliga 10 ming dona tijorat transport vositalari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish ko‘zda tutilgan. Ular qatoriga yuk avtomobillari, avtobus, mikroavtobus, pikap va maxsus transport vositalari, shu jumladan, elektr transport vositalari ham kiradi.

Qarorga asosan, Kattaqo‘rg‘on tumani hududida 100 gektar maydonda mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi. Ushbu zonada faqat N, M2, M3, O va L toifasiga kiruvchi transport vositalari hamda ular uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritishi belgilangan.

Sanoat zonasini boshqarish Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi davlat muassasasi zimmasiga yuklatiladi. Mazkur tuzilma loyiha ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyatni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda Leapmotor avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek