«Asossiz jarima» da’volari rad etildi: Mirzo Ulug‘bek tumanidagi holat yuzasidan rasmiy izoh berildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, videoda tilga olingan shaxsning yaqin qarindoshi Mirzo Ulug‘bek tumani hududidagi «Roza Krasnaya Kommunal» uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari hisoblanadi. Elobod mahallasi, 105-sonli ko‘p kvartirali uyda yashovchi fuqarolar tomonidan ushbu shirkat faoliyatidagi kamchiliklar yuzasidan hududiy inspeksiyaga bir necha bor murojaatlar yo‘llangan.
Mazkur murojaatlar asosida inspeksiya xodimlari o‘rganish ishlari olib borilgan. Tekshiruvlar davomida «Roza Krasnaya Kommunal» shirkati tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalari buzilgani aniqlangan. Xususan, avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etilmagani, kirish yo‘laklari ta’mirtalab holatda ekani, mulkdorlar oldida hisobot yig‘ilishi o‘tkazilmagani hamda zarur ma’lumotlar belgilangan muddatlarda taqdim qilinmagani qayd etilgan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan shirkat rahbariga turli muddatlarda yozma ko‘rsatmalar berilgan. Biroq ushbu talablar bajarilmagani sababli, qonunchilikda belgilangan tartibda unga nisbatan uch marotaba ma’muriy choralar qo‘llanilgan.
Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra yerto‘lalarda qayta rejalashtirish va rekonstruksiya ishlari taqiqlanganiga qaramay, videoda tilga olingan shaxs tomonidan yerto‘la qismi o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, unda qurilish ishlari amalga oshirilgani aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha ham tegishli ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, yuqoridagi barcha choralar amaldagi qonunchilik talablari asosida va inspeksiya vakolatlari doirasida qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda «Kar» haydovchini haqorat qilgan shaxslar qamalgan edi.