Intervyu: chorva kasalliklari O‘zbekistonga xavf soladimi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda hozirgi kunda qoramollar orasida shu kabi kasallik laborator tasdiqlanmagan
Rossiyaning bir qator hududlaridan chorva hayvonlari go‘sht mahsulotlariga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilgan — Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi
Foto: Pexels

Rossiya va Qirg‘iziston hududlarida yuz berayotgan qoramollar bilan bog‘liq kasalliklar O‘zbekiston uchun ham xavotirli bo‘lishi mumkin. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 14,5 mln bosh qoramol mavjud. Kursiv Uzbekistan vaziyat yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jahongir Tursagatov bilan suhbatlashdi.

– Rossiya va Qirg‘izistonda qayd etilayotgan chorva kasalliklari yuzasidan O‘zbekistonga kirib kelish xavfi qay darajada baholanmoqda?

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi

 — Respublikamiz hududiga chetdan hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan muhofaza qilish maqsadida, Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston, Irkutsk, Ingushetiya, Kabardin-Balkar, Qorachoy-Cherkasiya, Shimoliy Osetiya–Alaniya, Checheniston, Qalmog‘iston, Oltoy va Buryatiya Respublikalari, Stavropol va Oltoy o‘lkalari, Astraxan, Novosibirsk, Omsk, Volgograd, Saratov, Tambov, Samara, Chelyabinsk, Tyumen, Kurgansk va Orenburg viloyatlaridan chorva hayvonlari va termik ishlovdan o‘tmagan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari hamda xomashyolarini olib kelish va tranzit o‘tkazishga vaqtinchalik cheklov joriy etilgan. Cheklov Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkilotining (WOAH) Quruqlikdagi hayvonlar sog‘ligi kodeksi hamda «Veterinariya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshirilgan.

Foto: Pexels

– O‘zbekistonda qoramollar orasida shunga o‘xshash kasallik alomatlari qayd etilganmi?

— O‘zbekistonda hozirgi kunda qoramollar orasida shu kabi kasallik laborator tasdiqlanmagan. Qoramollar oqsili kasalligi qayd etilmagan, epizootik holat barqaror. Kasallik alomatlari shunga o‘xshash bo‘lgan stomatit kabi kasalliklar paydo bo‘lganda veterinar mutaxassislar tomonidan o‘z vaqtida samarali davolanib kelinmoqda.

– Oqsil kasalligi (yoki boshqa xavfli infeksiyalar) aniqlanishining oldini olish uchun qanday profilaktik choralar ko‘rilmoqda?

— Profilaktik emlash tadbirlari uchun 1 ming 286 ta ishchi guruh (otryad)lar tashkil etilib, 5 mingga yaqin mutaxassis xodim va soha ma’sullari biriktirildi. Shuningdek, oliygohlarning 914 nafar yuqori kurs talabalari malakaviy amaliyotga jalb etildi.

Hududlarda faoliyat olib borayotgan 260 ta mol bozorlarida chorva mollarini klinik ko‘rikdan o‘tkazib borish bo‘yicha veterinariya nazorati o‘rnatildi.

– Chegara hududlarida veterinariya nazorati qanchalik kuchaytirildi va qanday yangi tartiblar joriy etildi?

— Mamlakatimiz hududini hayvonlarning yuqumlik kasalliklari kirib kelishidan muhofaza qilish maqsadida barcha chegara o‘tkazish punktlari yetarli miqdorida dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlandi. Respublika bo‘yicha jami 2000 litrdan ortiq dezinfeksiya vositasi zaxirasi yaratilgan.

Qo‘shni davlatlar orqali tirik hayvonlar, chorvachilik mahsulotlari va xomashyosini olib kirish hamda olib chiqishda veterinariya-sanitariya qoidalari alohida nazoratga olindi. Shuningdek, 19 ta davlat chegara veterinariya punktlarida 474,5 mingdan ortiq avtotransport vositalari veterinariya-sanitariya ishlovi (dezinfeksiya)dan o‘tkazildi.

Profilaktik emlash ishlari, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan chegara oldi tumanlardagi chorva mollarida amalga oshiriladi.  Qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston davlatlari bilan 6,2 ming km uzunlikdagi bufer xududlarimizda 82 ta qo‘shni davlatlar bilan chegara oldi tumanlarida 8 mln bosh chorva mollari parvarishlanadi.

Foto: Pexels

– Import qilinayotgan chorva mollari va go‘sht mahsulotlari laborator tekshiruvdan to‘liq o‘tkaziladimi?

— Import qilinayotgan chorva mollari va go‘sht mahsulotlari qo‘mita huzuridagi Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazida tekshirilib, xulosalar berib kelinmoqda.

– Agar xavfli kasallik aniqlansa, mamlakatda qanday tezkor choralar ko‘riladi va karantin mexanizmi qanday ishlaydi?

— O‘zbekiston Respublikasi «Veterinariya to‘g‘risida» gi qonunning 28-moddasiga asosan, hayvonlar yuqumli kasalliklarining o‘choqlari aniqlangan hollarda muayyan hududlar nobop punktlar deb e’lon qilinadi. Ularda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish tegishli bosh davlat veterinariya inspektorlarining taqdimnomasiga ko‘ra hududlar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.

– O‘zbekistonda chorva kasalliklariga qarshi emlash ishlari qamrovi qanchalik keng va yetarlimi?

— 39 mln bosh chorva mollarini 11 turdagi hamda 106 mln bosh parrandalarni 4 turdagi kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlari o‘tkazilishi tizimli yo‘lga qo‘yilib, hayvonlar saqlanadigan joylarda doimiy ravishda profilaktik dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari olib borilmoqda.

Foto: Pexels

Bugungi kun holatiga bahorgi profilaktik tadbirlar doirasida kuydirgiga qarshi 5,6 mln bosh, oqsilga 4,2 mln bosh, nodulyar dermatitga 2,6 mln bosh hamda quturishga qarshi 560 ming bosh it va mushuklar emlangan.

– Aholi va tadbirkorlar uchun oziq-ovqat xavfsizligi nuqtayi nazaridan qanday xavf yoki cheklovlar bo‘lishi mumkin?

— Bozorlarda mahsulotning tanqisligi sababli narx oshishi va xarid qobiliyatining cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun: hayvonlar kasalliklarining kelib chiqishi, uni oldini olish va qarshi kurashish to‘g‘risida 449 ta hududiy seminarlar o‘tkazilgan hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun 7,1 ming dona rangli plakatlar va 190,1 ming dona varaqalar tayyorlanib, tarqatilgan.

Eslatib o’tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri chorvachilikda sanitariya va epidemiologik xavfsizlik kuchaytirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek