Yaponiyada o‘zbekistonlik avtobus haydovchilari uchun ish o‘rinlari ochiladi

Yaponiyaning yirik Willer Express transport operatori o‘zbekistonlik avtobus haydovchilarini ishga taklif etadi. Bu bo‘yicha yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida xalqaro kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi Onodera User Run kompaniyasi ushbu tashabbusni O‘zbekiston bozoriga olib kiradi. Kelishuv Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, Willer Express rahbari Hirayama Koji va Onodera User Run vakili Kato Jun o‘rtasida imzolandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Willer Express uchun avtobus haydovchilarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik ular Yaponiyada yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtiriladi. Shuningdek, Toshkent shahrida zamonaviy o‘quv poligoni qurilishi rejalashtirilgan. Amaliy mashg‘ulotlar uchun esa Yaponiyadan o‘ng boshqaruvli avtobuslar olib kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri xorijda ishlash istagidagi fuqarolarning til o‘rganish va imtihon xarajatlari qoplanishi haqida yozgan edi.
Ayni paytda xorijiy hamkorlardan 100 mingdan ortiq mutaxassislar, jumladan, Germaniyadan 40 ming nafar hamshira, Yaponiyadan esa qurilish va logistika sohalari uchun 15 ming nafar xodimga buyurtmalar kelib tushgan.
Ushbu ehtiyojni qoplash maqsadida «Kasb plyus til» tamoyili asosidagi qo‘shma ta’lim loyihalari sonini 20 taga yetkazish va qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilmoqda. Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori bo‘lgan kasb va 7 ta chet tilini o‘rgatuvchi, xalqaro sertifikat imtihonlarini o‘tkazuvchi zamonaviy o‘quv kampusi tashkil etiladi.