Oltinsiz eksport: O‘zbekiston tashqi savdosida pasayish sababi nima

eʼlon qilindi
O‘zbekiston eksporti 2026-yilning dastlabki ikki oyida 3,5 milliard dollarni tashkil etdi
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi $3,5 mlrdni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi $4,64 mlrdga nisbatan qariyb $1,14 mlrd dollarga kamaygan.

Taqqoslash uchun: 2025-yilning dastlabki ikki oyida mamlakat eksport hajmi $4,64 mlrdga yetib, 2024-yildagiga nisbatan 27,7 foizga o‘sgan edi. O‘sha davrda umumiy tashqi savdo aylanmasi $10,8 mlrdni tashkil qilgan va $1,56 mlrd miqdorida manfiy saldo qayd etilgan. 2025-yildagi eksport o‘sishiga, asosan, oltin va xizmatlar ta’sir ko‘rsatgan.

2026-yilning dastlabki ikki oyida Rossiya asosiy savdo hamkori sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, eksport hajmi o‘tgan yilgi $547,9 mlndan $679,4 mlngacha (+$131,5 mln) o‘sdi. Shuningdek, Xitoy ($382,2 mln) va Afg‘oniston ($289,1 mln) yo‘nalishlarida ham barqaror o‘sish sur’atlari qayd etildi. Yevropa bozorida esa Fransiya bilan savdo aloqalari jonlanib, ko‘rsatkich o‘tgan yilgi $143,2 mlndan $211,1 mlngacha ko‘tarildi.

Biroq ayrim an’anaviy hamkorlar bilan o‘zaro savdoda pasayish tendensiyasi ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Qozog‘istonga eksport hajmi o‘tgan yilgi $186,1 mlndan $160,4 mlnga, Turkiyaga esa $180,0 mlndan $154,0 mlnga tushdi. Mintaqaviy hamkorlardan Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasida $20 mlnlik kamayish kuzatilgan bo‘lsa, Tojikiston yo‘nalishidagi eksport aksincha, $69,5 mlndan $94,2 mlngacha ko‘paydi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarishsiz qolib, $100,0 mlnni tashkil etdi.

Umumiy eksport hajmining o‘tgan yilga nisbatan kamayishining asosiy va hal qiluvchi sababi oltin eksporti bilan bog‘liqdir. Ma’lumot uchun, 2025-yilning dastlabki ikki oyida $1,73 mlrdlik oltin eksport qilingan edi. 2026-yilning mos davrida esa hali oltin eksporti amalga oshirilmaganligi sababli, umumiy eksport ko‘rsatkichlarida o‘tgan yilga nisbatan katta tafovut yuzaga kelgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha O‘zbekiston 20 mln xorijiy sayyohni jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek