2032-yilga borib O‘zbekistonda aholi soni 43 mln bo‘lishi kutilmoqda

2032-yilga borib O‘zbekistonda aholi soni 43 mln bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Demografiya, bandlik va turmush darajasini prognoz qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Maqsud Zokirov ma’lum qildi. U bu haqda «O‘zbekistonda demografik barqarorlik: ma’lumotlar, siyosat va iqlim o‘zgarishi» seminarida qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisi yildan-yilga barqaror oshib bormoqda. 1991-yilda aholi soni 21,1 mln bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib bu ko‘rsatkich 34,5 mln nafarga yetgan. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilda aholi 41,9 mln va 2032-yilda esa 43,4 mln nafarga yetishi kutilmoqda.
«Demografik barqarorlikni ta’minlash uchun avlodlar davomiyligini ta’minlash maqsadida bir ayol o‘rtacha 2,1 nafar bola tug‘ishi kerakligi hamda tashqi migratsiya darajalarini ham me’yorda ushlab turish talab etiladi. Bunda, albatta, o‘lim holatlarini inobatga olish muhim», – deya ta’kidlangan taqdimotda.
Aholi soni o‘sib borayotgan sharoitda O‘zbekistonda turli sohalarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada ortadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin yillarda ijtimoiy infratuzilma va xizmatlarga talab keskin oshadi. Tibbiyot sohasida ehtiyoj kuchayib, qo‘shimcha 110 mingta o‘rin hamda 70 ming nafar shifokor talab etiladi. Bu sog‘liqni saqlash tizimini kengaytirish zaruratini ko‘rsatadi.

Ta’lim tizimida ham katta yuklama yuzaga keladi. Umumta’lim maktablari uchun 2,7 mlnta yangi o‘rin va 280 ming nafar o‘qituvchi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim sohasida 1 mln ta o‘rin va 230 ming nafar tarbiyachi zarur bo‘ladi. Uy-joyga bo‘lgan talab ham oshib, 350 mingta yangi oilaga kamida 210 mingta uy-joy qurilishi talab etiladi.
Aholi sonining ortishi natijasida ish o‘rinlariga talab ko‘payadi. Shu bilan birga, energetika resurslari va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortadi. Boshqa tomondan, ayrim davlatlar tajribasi demografik o‘zgarishlarning salbiy tomonlarini ham ko‘rsatadi. Masalan, Yaponiyada ijtimoiy obyektlarga talab kamayib, 20 yil ichida 8,5 mingta maktab yopilgan.
Aholining qarishi ishchi kuchi yetishmovchiligiga olib keladi va bu iqtisodiy rivojlanishni sekinlashtiradi. Bolalar ulushi kamayib, keksalar ulushi ortadi, natijada ijtimoiy bosim kuchayadi.
Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent shahar iqtisodiyoti 12 foizga oshirilishi haqida yozgan edi.