«Vulverxempton» Angliya Premyer-ligasidan rasman tushib ketdi

21-aprel 2026 13:26 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: Daily Post Nigeria

Angliya Premyer-ligasida ishtirok etuvchi «Vulverxempton» jamoasi musobaqani rasman tark etdi. Klub mavsum tugashiga 5 ta o‘yin qolganida xavfsiz hududdan 16 ochko ortda qolmoqda.

«Lids Yunayted»ga qarshi uchrashuvda 3:0 hisobida imkoniyatni boy bergan «Vulverxempton» hisobida bor-yo‘g‘i 17 ochko mavjud. Mavsum yakuniga qadar yana 5 ta o‘yin qolgan bo‘lib, jamoa qolgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan taqdirda ham eng ko‘pi bilan 15 ochko to‘plashi va umumiy ochkolari sonini maksimal 32 taga yetkazishi mumkin, xolos.

Ekran tasviri / premierleague.com

Shu bilan birga, ligada qolish imkonini beruvchi xavfsiz zonada, ya’ni 17-o‘rinda borayotgan «Vest Xem Yunayted» hisobida hozirning o‘zida 33 ochko bor va ular qolgan uchrashuvlarda umuman ochko ololmagan taqdirda ham «Vulverxempton» o‘zining maksimal 32 ochkosi bilan ularga yetib ololmaydi. Shu sababli jamoa matematik jihatdan ligada qolish imkoniyatini to‘liq yo‘qotgan.

Ushbu muvaffaqiyatsizlik «Vulverxempton»ning Premyer-ligadagi 8 yillik ishtirokiga yakun yasadi. Jamoa kelasi mavsumdan boshlab Angliyaning ikkinchi darajali divizioni bo‘lmish «Chempionship»da harakat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Bavariya» Bundesligada 35-chempionlikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek