
Serbiyaning Vrnachka-Banya shahrida o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik Afruza Hamdamova rapid yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar bermoqda.
Afruza Hamdamova rapid bahslari yakuniga ko‘ra 8,5 ochko jamg‘arib, jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Islombek Husanov bronza medalini egalladi.

Musobaqa doirasidagi blits yo‘nalishida Xusnoraxon Xusnitdinova kumush medal sohibasiga aylandi. Ayni paytda blits bahslari davom etmoqda va oraliq natijalarga ko‘ra, o‘zbekistonlik yoshlar yetakchi o‘rinlarni band etib turibdi.
Xususan, 18 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Muhammadzohid Suyarov 5,5 ochko bilan jadvalda birinchi o‘rinda bormoqda. Humoyun Begmuratov (5 ochko), Nilufarxon Imomkuziyeva (4 ochko), Afruza Hamdamova (4,5 ochko) va Farzonabonu Bozorova (2,5 ochko) o‘z yosh toifalarida hozircha ikkinchi pog‘onani egallab turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident Javohir Sindarovni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlagani haqida xabar bergan edi.