Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga jami 74 mlrd so‘m kompensatsiya berildi

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz uchun jami 73,7 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lab berildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, prezident qarori bilan elektr bo‘yicha 150 kVt va gaz bo‘yicha 250 kub metrdan ortiq iste’mol qilingan qism uchun xarajatlar qoplab berilishi belgilangan.
Tahlillarga ko‘ra, 1,3 mln dan ortiq ariza kelib tushgan. Elektr iste’moli bo‘yicha oilalarning 64,9 foizi 200 kVtgacha foydalanadi. 19,7 foizi 200 dan 350 kVtgacha, 15,4 foizi esa 350 kVtdan ko‘p elektr ishlatgan.
Tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha 362,8 mingta oila tahlil qilingan. Ularning 79,4 foizi 500 kub metrgacha, 14 foizi 500 dan 700 kub metrgacha, 6,6 foizi esa 700 kub metrdan ko‘p gaz ishlatgan.
Prezident qaroriga ko‘ra, kompensatsiya to‘lovlari 2027-yil 1-aprelga qadar davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlar soddalashtirilgan tarzda undirilishi haqida xabar berilgandi. Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, bu tartib BHMning 5 baravaridan oshmaydigan summalarga ham tatbiq etiladi. Qonunda davlat ijrochisi uchun bir qator majburiy choralar ham belgilangan.