American Airlines va United aksiyalari keskin tushdi

American Airlines va United Airlines aksiyalari 20-aprel kuni savdolarda arzonlashdi. Bunga American Airlines kompaniyasining birlashish taklifini rad etgani sabab bo‘ldi.
American Airlines aksiyalari 5,8 foizga tushib ketdi. Keyin biroz tiklandi. United Airlines aksiyalari esa 2,6 foizga arzonlashdi.
American Airlines rasmiy bayonot berib, United bilan birlashish bo‘yicha hech qanday muzokarada qatnashmayotganini bildirdi. Kompaniya bunday kelishuv raqobat va iste’molchilarga zarar yetkazishini aytdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birlashish g‘oyasini United Airlines rahbari Skott Kirbi ilgari surgan. Bu taklif hatto AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga ham taqdim etilgan.
Agar bitim amalga oshganida, AQSh ichki aviatsiya bozorining qariyb 40 foizini egallagan yirik kompaniya paydo bo‘lar edi.
Yil boshidan beri American Airlines aksiyalari 20 foizga, United Airlines esa 10 foizga qadrsizlangan. Shu bilan birga, tahlilchilar aksiyalar narxi kelajakda yana o‘sishi mumkinligini ham qayd etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nima uchun «O‘zmetkombinat» aksiyalari yil boshidan beri ikki barobar qimmatlashgani haqida ma’lumot berilgandi. Qariyb bir oy ichida, 2026-yilning 16-martidan 14-apreligacha «O‘zmetkombinat» (UZMK) oddiy aksiyalari 36 foizga qimmatlashdi, yil boshidan buyon esa ularning qiymati ikki barobardan ziyodga oshdi.