Zarafshon shahrining hududi qanchaga kengaytiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zarafshon shahri hududini kengaytirishga oid qaror loyihasini tasdiqladi. Bu haqda Quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uzoq muddatli biznes-rejaga asosan, shaharda 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 90 ta ijtimoiy soha obyektini qurish hamda 500 dan ortiq savdo, maishiy va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Rejalarga muvofiq, hududni kengaytirish ham nazarda tutilgan. Xususan, Tomdi tumanidan 2 459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Majlisda ushbu masala tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, xalq deputatlari Zarafshon shahri va Tomdi tumani kengashlari hamda viloyat kengashida muhokama qilingani qayd etildi. Chegaralarning kartografik chizmasi va tasnifi ham ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Navoiydagi yangi qo‘shma sanoat parkida ilk korxona ishga tushirilishi haqida yozgan edi.