Deputatlar O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot bankiga a’zolik masalasini qo‘llab-quvvatladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekistonning BRIKSning Yangi taraqqiyot banki (YTB) to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilib, qonun loyihasi ma’qullandi.
Majlisda qayd etilishicha, mazkur bitimga qo‘shilish mamlakatning ochiq va pragmatik investitsiya siyosatini izchil davom ettirish hamda global moliyaviy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
YTB 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarda infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi. Uning asoschilari Braziliya, Rossiya va boshqa davlatlar bo‘lgan. Shanxayda joylashgan bank yuqori qiymatdagi ko‘plab loyihalarni ma’qullagan.

Deputatlar fikriga ko‘ra, ushbu hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, zamonaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda uzoq muddatli imtiyozli moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa energetika, transport, suv xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, YTBga a’zolik xalqaro moliyaviy maydonda milliy manfaatlarni ilgari surish, yangi korxonalar tashkil etish hamda minglab ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Ma’lumot uchun, 2025-yilda BRIKSning Yangi taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi O‘zbekistonning moliya tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasiga qo‘shilishini ma’qullagan edi. Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘sha yili bo‘lib o‘tgan sarmoyaviy forum arafasida BRIKS yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusefni qabul qilgan.

Uchrashuvda bank va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama etilgan. O‘shanda YTB $5 mlrdlik qo‘shma loyihalarni shakllantirgan, pulni esa irrigatsiya, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va boshqa sohalarga yo‘naltirishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Jahon bankining suv xavfsizligi bo‘yicha yirik tashabbusiga qo‘shilgani haqida yozgan edik.