Xorijiy investorlar va O‘zbekiston: kutilmalar, xavflar va signallar

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Aksariyat xorijiy ishtirokchilar ichki kapital bozoriga nisbatan kutish pozitsiyasini egallamoqda
Foto: Mansurjon Rasulevning shaxsiy arxividan

2025-yilda xorijiy investorlar Oʻzbekiston aksiyadorlik jamiyatlarining qariyb yarmida ishtirok etdi. Ular nominal qiymati boʻyicha qariyb $1 mlrdlik qimmatli qogʻozlarga egalik qilmoqda. Bu koʻrsatkich Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqish ortib borayotgan bir paytda mamlakat investitsion jozibadorligi oshayotganini koʻrsatadi. Shu bilan birga, xorijiy oʻyinchilarning aksariyati hali faol bosqichga oʻtmagan. Ular ichki kapital bozoriga nisbatan ehtiyotkor va kutish pozitsiyasini egallamoqda. Investorlar bozor infratuzilmasi, tartibga solish tizimi va likvidlik darajasini diqqat bilan kuzatmoqda.

Kursiv Research Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev bilan suhbatlashdi. Unda mamlakatda allaqachon ishga tushirilgan moliyaviy instrumentlar, investorlar kutayotgan keyingi qadamlar va ular uchun hal qiluvchi boʻlib qolayotgan signal va omillar muhokama qilindi.

— Mansurjon Dilmurodovich, siz xorijiy investorlar bilan tez-tez muloqot qilasiz. Bugungi kunda Oʻzbekiston bozoriga nisbatan ishonch qanday shakllanmoqda va bu jarayonda davlat institutlarining roli qanday?

— Agentligimiz 2019-yilda tashkil etilganida oldimizga 28 ta vazifa qoʻyilgan edi. Biroq umumiy qilib aytganda, asosiy maqsad — xorijiy investorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yordam berish va butun jarayon davomida hamrohlik qilishdan iborat.

Oddiy misol: biz oʻzimiz ilgari bormagan xorijiy davlatga borganimizda, hamma narsa yangi boʻladi. U yerdagi tartib-qoidalar va jarayonlarni bilmaymiz. Xuddi shunday, xorijiy investorlar ham yangi bozorga kirayotganda koʻplab savollarga duch keladi va ularga tushuntirish hamda yoʻl-yoʻriq zarur boʻladi.

Shu nuqtai nazardan, agentligimiz grinfild va braunfild investorlar uchun «yagona darcha» vazifasini bajaradi. Biz ularga qaysi asosiy qonun hujjatlarini oʻrganish kerakligini, yuridik shaxsni qanday roʻyxatdan oʻtkazish, litsenziya va sertifikatlarni olish tartibi qanday ekanini tushuntiramiz. Yaʼni investorlarning bozorga kirish jarayonini sodda va tushunarli qilishga yordam beramiz.

Ammo eng muhim yoʻnalishlardan biri — bu soʻnggi paytlarda tobora koʻproq samara berayotgan matchmeyking hisoblanadi. Biz xorijiy investorlar uchun mahalliy hamkorlarni topamiz. Chunki mahalliy kompaniyalarda bozor boʻyicha tajriba, mavjud aktivlar va faol biznes bor. Xorijiy investor uchun aynan shunday hamkor bilan ish boshlash ancha qulay va xavflarni kamaytiradi.

Loyihalar ishga tushirilgach esa muqarrar ravishda turli qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bular davlat xizmatlarini olishdagi kechikishlar, maʼmuriy jarayonlar yoki boshqa toʻsiqlar boʻlishi mumkin. Shu bosqichda biz allaqachon bozorga kirgan investorlarni qoʻllab-quvvatlaymiz va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishda yordam beramiz.

Bu juda muhim, chunki bunday investorlar faoliyatini kengaytirish uchun katta salohiyatga ega. Amaliyotda biz shuni koʻryapmizki, investorlar dastlab bir sohaga kirib, keyinchalik mutlaqo boshqa, hatto oʻzaro bogʻliq boʻlmagan yoʻnalishlarga ham sarmoya kiritib, portfelini kengaytirmoqda. Ularning ustunligi shundaki, ular allaqachon bozorda mavjud. Shu sababli yangi loyihalarni tezroq boshlay oladi. Aksincha, bozorga endi kirishni rejalashtirayotgan investorlar uchun qaror qabul qilish jarayoni odatda uch-toʻrt yilgacha choʻzilishi mumkin.

— Xorijiy investorlar Oʻzbekiston kapital bozorini qanday baholamoqda va ular koʻpincha qanday soʻrovlar bilan murojaat qilmoqda?

— Investorlar bugun faqat alohida mamlakatlarga emas, balki butun mintaqaga eʼtibor qaratmoqda. Markaziy Osiyo umumiy holda katta qiziqish uygʻotmoqda. Agar beshta davlatni solishtirsak, faqat Qozogʻiston xalqaro kapital bozoriga ancha oldin chiqqan va eng jozibador aktivlarning katta qismi allaqachon institutsional investorlarga taqdim etilgan. Shu sababli yangi yirik IPOʻlar boʻyicha kutilmalar u yerda hozircha cheklangan va eʼtibor asta-sekin Oʻzbekistonga koʻchmoqda.

Global beqarorlik fonida xorijiy investorlar Markaziy Osiyoga kirishga intilmoqda. Savdo urushlari, geosiyosiy mojarolar va ayrim bozorlardagi ortiqcha qizish investorlarni yangi yoʻnalishlar izlashga undayapti. Ular nisbatan barqaror va prognoz qilish osonroq boʻlgan bozorlarni qidirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston va umuman mintaqa investorlar uchun oʻziga xos «xavfsiz bandargoh» sifatida koʻrilmoqda. Bu yerga portfelning bir qismini yoʻnaltirish orqali risklarni diversifikatsiya qilish imkoniyati mavjud.

Oʻzbekiston 2017–2018-yillardan boshlab aniq va tushunarli iqtisodiy siyosatni namoyish etdi. Eng muhimi, iqtisodiy oʻsishning prognoz qilinishi shakllandi va bu tendensiyani uch-besh yil oldinga ham tatbiq etish mumkin. Bu esa investorlar uchun muhim signal hisoblanadi.

Bugungi kunda xorijiy investorlarning eng asosiy savoli — qachon. Chunki Oʻzbekiston allaqachon amalda investitsiyalar uchun jozibador bozor ekanini isbotlab boʻldi. Islohotlar boshlanganidan buyon kirib kelgan sarmoyalar umumiy hisobda ijobiy natija va muvaffaqiyat tarixini koʻrsatmoqda.

Biroq kapital va qimmatli qogʻozlar bozoriga eʼtibor qaratadigan investorlar uchun hali muhim cheklov mavjud. Ular Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishidan masofadan turib toʻliq foyda olish, yaʼni likvid bozor orqali sarmoya kiritish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli bunday investorlar hozircha kutish pozitsiyasini saqlab qolmoqda.

— Siz Osiyoga eʼtibor kuchayayotgani haqida gapiryapsiz. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekistonning mintaqadagi boshqa rivojlanayotgan bozorlarga nisbatan qanday raqobatdosh ustunliklari bor?

— Asosiy ustunlik — bu diversifikatsiyalangan iqtisodiyot. Masalan, Qozogʻiston va Ozarbayjondan farqli ravishda biz neft-gaz sektoriga kuchli bogʻliq emasmiz. Mamlakatda investitsiya portfeli ham muvozanatli, hamkorlar doirasi esa keng — Rossiya va Xitoydan tortib, Yevropa Ittifoqi hamda Fors koʻrfazi davlatlarigacha.

Bundan tashqari, yosh va malakali aholi, xomashyo resurslariga kirish imkoniyati hamda qoʻshilgan qiymat zanjirlaridagi salohiyat muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bozor nisbatan yaqinda ochilgan va koʻplab imkoniyatlar endigina shakllanib bormoqda.

— Xorijiy investorlar Oʻzbekiston kapital bozorining qaysi segmentlariga koʻproq qiziqmoqda: aksiyalar, korporativ obligatsiyalar, davlat qogʻozlari, yevroobligatsiyalar yoki IPOʻlar? Va bu qiziqishning asosiy sabablari nimada?

— Agar Oʻzbekistonning jahon kapital bozoridagi hozirgi ishtiroki haqida gapiradigan boʻlsak, bu davlat va xususiy kompaniyalar tomonidan chiqarilgan yevroobligatsiyalar, yaʼni korporativ obligatsiyalar bilan bogʻliq.

Xususan, London fond birjasida bir necha milliard dollarlik obligatsiyalar muvaffaqiyatli joylashtirildi. Bu juda muhim, chunki institutsional va aksiyador investorlar uchun ishonchli «trek-rekord»ni shakllantiradi. Korporativ obligatsiyalar bozori orqali Oʻzbekiston bilan tanishish esa keyinchalik IPOlar uchun zamin yaratadi.

Shu sababli hozirgi bosqichda ikkita asosiy yoʻnalish ajralib turadi — korporativ obligatsiyalar va IPO. Aynan shu segmentlar bozorga boʻlgan qiziqish va tushunchani shakllantirmoqda.

— Xorijiy oʻyinchilarni eng koʻp qiziqtirayotgan iqtisodiyot sohalari haqida gapirib bering.

— Men buni shartli ravishda ikki toifaga ajratgan boʻlardim. Birinchisi — xususiy kompaniyalar, yaʼni kichik yoki oʻrta biznes sifatida boshlangan va qisqa yoki oʻrta muddatda kapital bozoriga chiqish darajasiga yetgan mahalliy kompaniyalar.

Ikkinchi toifa — davlat kompaniyalari. Bu yerda asosiy vazifalar — korporativ boshqaruvni yaxshilash, IPOʻga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, xususiylashtirish orqali davlat ulushini kamaytirishdan iborat.

Lekin mening fikrimcha, eng katta salohiyat aynan xususiy sektorda. Xususiy kompaniyalar mamlakatdan tashqariga chiqib, mintaqaviy oʻyinchilarga aylanishi va keyinchalik xalqaro kapital bozorlariga — London, Nyu-York yoki Gonkong birjalariga chiqishi mumkin. Hozircha Markaziy Osiyoni ifodalovchi bunday kompaniyalar na Qozogʻistonda, na Oʻzbekistonda shakllangan, ammo salohiyat juda katta.

Qaysi kompaniya va qaysi sektor bu yoʻlda birinchi boʻlishini esa vaqt koʻrsatadi. Bu jarayon muqarrar.

— Investorlar qiziqishi koʻp jihatdan mamlakatning suveren reytinglariga tayaniladi. Fitch va S&P Oʻzbekiston reytingini «BB» darajasiga koʻtardi. Sizningcha, uch-besh yil ichida investitsiya darajasiga chiqish uchun qanday qadamlar zarur?

— Bu masalaga ikki tomondan qarash kerak. Birinchidan, reyting agentliklari reytinglarni tez oʻzgartirmaydi. Hatto sezilarli yutuqlarga erishilgan taqdirda ham, ular odatda reytingni yiliga bir pogʻonaga oshiradi.

Ikkinchidan, mamlakat 2017–2018-yillarda tanlagan islohotlar yoʻlini izchil davom ettirishi zarur. Tarixiy maʼlumotlar va barqaror tendensiyalar qanchalik koʻp boʻlsa, reyting agentliklari tahlilchilari uchun keyingi oʻsishni prognoz qilish shunchalik osonlashadi.

Birinchi navbatda esa korporativ boshqaruvni takomillashtirish, MHXSni joriy etish va shaffoflikni oshirish muhim. Reyting agentliklari aynan shu omillarga katta eʼtibor qaratadi. Oʻzbekistondagi koʻplab kompaniyalar MHXSni joriy etishni boshlagan, biroq bu jarayonni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish zarur.

— Xorijiy investorlar Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishda koʻpincha qanday xatarlarga duch keladi?

— Grinfild va braunfild investorlarining asosiy xavotiri shundaki, ularning biznes modeli Oʻzbekistonda ishlamasligi mumkin. Chunki biznes yuritish yondashuvlari, masalan, Yevropa Ittifoqi bilan solishtirganda, maʼlum darajada farq qiladi. Shu sababli biz ularni shoshilinch qaror qabul qilishdan koʻra, qoʻshilgan qiymat zanjirlari, sotish bozori va isteʼmolchilar xulq-atvorini chuqurroq tushunishga yoʻnaltiramiz.

Ishchi kuchi bilan bogʻliq masalalar ham yuzaga keladi, biroq ular odatda xorijiy mutaxassislar va mahalliy xodimlar kombinatsiyasi orqali hal qilinadi. Vaqt oʻtishi bilan esa ekspatlar ulushi kamayib boradi.

Kapital bozori nuqtai nazaridan esa asosiy savollar anʼanaviy: makroiqtisodiy barqarorlik, valyuta kursi va daromadlarni repatriatsiya qilish imkoniyati. Biz har doim repatriatsiya boʻyicha cheklovlar yoʻqligini taʼkidlaymiz, biroq ayrim investorlar orasida eski valyuta nazorati tizimi haqidagi tasavvurlar hali ham saqlanib qolgan.

— Rivojlanishning keyingi bosqichi haqida gapiradigan boʻlsak, mamlakat bozori yirik institutsional investorlarning kirib kelishiga qanchalik tayyor?

— Umuman olganda, tayyor. Uzoq muddatli investitsiyalarni qabul qila oladigan loyihalar va tarmoqlar mavjud. Oʻzbekistondagi biznes institutsional investorlar taqdim etadigan uzoq muddatli va nisbatan arzon moliyalashtirishga katta ehtiyoj sezmoqda.

Biroq hozircha asosiy muammo — bozorga toʻgʻridan toʻgʻri kirish imkoniyatining cheklangani. Investorlar koʻpincha Oʻzbekistonda yuridik shaxs tashkil etishga majbur boʻladi, bu esa har doim ham ularning investitsiya modeliga mos kelavermaydi.

Agar xalqaro bozorlarda taqdim etilgan fondlar yoki moliyaviy instrumentlar paydo boʻlsa, bu investorlar uchun kirishni sezilarli darajada soddalashtirgan boʻlardi.

— Yaqin yillarda kapital bozorida qanday oʻzgarishlar xorijiy kapital uchun burilish nuqtasiga aylanishi mumkin?

— Bu birinchi navbatda IPO va ikki tomonlama listing bilan bogʻliq. Oʻzbekistondagi ilk muvaffaqiyatli IPO boshqa kompaniyalar uchun muhim yoʻnalish va namuna boʻladi. Natijada biznes uchun IPO mavhum tushuncha emas, balki kapital jalb qilishning aniq va tushunarli mexanizmiga aylanadi.

Bundan tashqari, xorijiy investorlar Oʻzbekistonga jismoniy ishtirokisiz, kapital bozori orqali sarmoya kiritish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa sifat jihatidan yangi investorlar toifasini jalb qiladi hamda korporativ boshqaruv, shaffoflik va ESG standartlarining rivojlanishiga turtki beradi.

Shu bilan birga, xalqaro bozorlarga chiqish sifatli targʻibot va investorlarning xabardorligini oshirish bilan birga kechishi muhim. Xorijiy investorlar eʼtiborini barqaror saqlash uchun Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarishlar haqida muntazam axborot berib borish zarur.

Izoh: intervyu yozib olinganidan soʻng Mansurjon Rasulev TBC Uzbekistanʼning fondlashtirish va investorlar bilan ishlash boʻlimi rahbari lavozimiga oʻtdi.

Shuningdek