Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshirildi

Yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qonunga muvofiq, ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra, korxona, muassasa, tashkilotlar, jamoat joylari, omborxonalar, yotoqxonalar va turar joylarda, shuningdek obyektlarni loyihalash, qurish va qayta qurish jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish uchun javobgarlik belgilandi.
Ushbu huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilandi. Taqqoslash uchun, amaldagi tartibda mansabdor shaxslar uchun jarima 3 baravaridan 7 baravarigacha etib belgilangan edi.
Shuningdek, qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yong‘in nazorati bo‘yicha bosh davlat inspektori va uning o‘rinbosarlari davlat yong‘in nazorati organlari nomidan ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish hamda mansabdor shaxslarga BHMning 25 baravarigacha jarima qo‘llash vakolatiga ega bo‘ldi. Avvalgi tartibda ushbu cheklov 20 baravar etib belgilangan edi.
Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yong‘inlar va boshqa xavfli holatlarning oldini olish maqsadida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatib turish vakolati berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jamoat joyida sovuq qurollarni olib yurish holatlariga nisbatan javobgarlik kuchaytirilgan edi.