Mobil raqamni qayta rasmiylashtirish endi onlayn amalga oshiriladi

Mamlakatda mobil raqamlarni qayta rasmiylashtirish endi onlayn tarzda amalga oshiriladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Endilikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mobil raqamni boshqa shaxs nomiga onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin. Mazkur xizmat foydalanuvchilarga vaqtni tejash va ortiqcha byurokratik jarayonlarni kamaytirish imkonini beradi.
Avval ushbu jarayonni amalga oshirish uchun mobil raqam egasi va uni qabul qiluvchi shaxs aloqa operatori ofisiga shaxsan borishi, navbat kutishi hamda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi talab etilar edi. Yangi tizim joriy etilishi bilan ushbu bosqichlar to‘liq raqamlashtirildi.
Natijada foydalanuvchilar mobil raqamni qayta rasmiylashtirish xizmatidan masofadan turib foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi, bu esa xizmat ko‘rsatish jarayonining qulayligi va tezkorligini oshiradi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 22-apreldan boshlab O‘zbekistonda bank va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi tartiblar joriy etiladi.
Mazkur tizim fonida mobil raqamlarni qayta rasmiylashtirish xizmatiga talab ortadi va mobil aloqa operatorlari ofislariga tashriflar ko‘payadi. Ortiqcha yuklama va noqulayliklarning oldini olish maqsadida onlayn qayta rasmiylashtirish tizimi joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shikastlangan davlat raqamlarini onlayn almashtirish xizmati yo‘lga qo‘yilgan edi.