
Janubiy Koreyaning Kia kompaniyasi tomonidan Kia K8 biznes-klass sedanining 2027-yil modelini taqdim etildi. Yangilanishlar avtomobil xavfsizligi va qulayligini yaxshilashga qaratilgan.
Model ilk bor 2021-yilda chiqarilgan edi. U Koreya bozorida K7 o‘rnini egallagan, boshqa davlatlarda esa Cadenza nomi bilan sotilgan. 2024-yilda restaylingdan o‘tgan sedan 2025-yildan eksportga chiqarilgan. Yangi modelda asosiy o‘zgarishlar jihozlanishda kuzatiladi. Eng yuqori Signature versiyasida endi proyeksiya displeyi standart sifatida taklif etiladi. Bu haydovchiga muhim ma’lumotlarni oynadan ko‘rish imkonini beradi.

Noblesse komplektatsiyasi esa kengaytirilgan ADAS tizimlariga ega bo‘lgan. Unga Highway Driving Assist 2 tizimi va navigatsiya bilan ishlaydigan aqlli kruiz-kontrol qo‘shildi. Best Selection versiyasida esa ko‘r nuqta to‘qnashuvining oldini olish, orqaga harakatda xavfsizlik va avtomobildan chiqishda himoya funksiyalari mavjud.
Texnik jihatdan katta o‘zgarish yo‘q. Xaridorlarga ikki xil dvigatel taklif qilinadi. Birinchisi 2,5 litrli, 198 ot kuchiga ega atmosfera benzin motori. Ikkinchisi 1,6 litrli turbo dvigatel va elektromotordan iborat 230 ot kuchli gibrid tizim. Har ikkala variant faqat old g‘ildirakdan tortishga ega.

Avvalgi restayling vaqtida avtomobil uzunligi 35 mmga oshib, 5050 mmga yetgan. G‘ildirak bazasi esa 2895 mmni tashkil etadi. Salonda raqamli panel va multimedia tizimi birlashtirilgan ekran orqali boshqariladi. Barcha versiyalarda 10 ta xavfsizlik yostiqchasi mavjud.

Yangilangan Kia K8 avtomobili 21-apreldan boshlab Janubiy Koreyada sotila boshlaydi. Boshlang‘ich narx 36,79 mln von, bu taxminan $27 ming atrofida. Gibrid versiya esa 42,06 mln vondan boshlanadi. Eng yuqori Signature Black komplektatsiyasi narxi 51,02 mln vonga, ya’ni qariyb $37 mingga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia yangi Kia Vision Meta Turismo modelini qachon taqdim etishi haqida yozgan edi.