Andijonda bank amaldori 40 ming dollar pora bilan ushlandi

Andijon viloyatida bank tizimida ishlovchi mansabdor shaxs $40 ming pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, respublikadagi banklardan birining viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari kredit ta’minoti uchun garovga qo‘yilgan mulklarni sotish vakolatiga ega bo‘lgan. U aynan shu imkoniyatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga uringan.
U umumiy qiymati 16,8 mlrd so‘m bo‘lgan xususiy tibbiyot markazi ortidan mo‘maygina pul ishlamoqchi bo‘lgani aytilmoqda. Aniqlanishicha, ushbu 4 qavatli bino auksion savdolarida sotilmagan. Mansabdor shaxs ushbu vaziyatdan foydalanib, mulk narxini sun’iy ravishda 12 mlrd so‘mgacha tushirgan. So‘ng uni bank balansiga o‘tkazib, mahalliy tadbirkorga 7 yil muddatga foizsiz kredit hisobidan berishni va’da qilgan.

Evaziga u tadbirkordan $90 ming talab qilgan. Tezkor tadbir davomida esa mansabdor $40 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Surxondaryo va Jizzaxda chet elga ishga yuborish firibgarligi fosh etilgani haqida yozgan edi.