Yaponiyada ijtimoiy tarmoqlarni yoshga qarab filtrlash rejalashtirilmoqda

Yaponiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni kamaytirish uchun platformalarda yoshga qarab kontentni filtrlash tizimini avtomatik tarzda yoqishni taklif etmoqda.
Tashabbus Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi tomonidan ilgari surilgan. Vazirlik ijtimoiy tarmoq kompaniyalariga foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab filtrlarni faol holatda qo‘llashni tavsiya qilmoqchi. Hozirda esa aksariyat platformalarda bunday funksiyalar sukut bo‘yicha o‘chirilgan bo‘ladi.

Rejaga ko‘ra, kelajakda yoshni aniqlash tizimi mobil operatorlar va operatsion tizim ishlab chiquvchilar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali foydalanuvchilarning haqiqiy yoshi tekshiriladi. Amaldagi qonunchilik ijtimoiy tarmoqlardan faqat voyaga yetmaganlar xavfsizligini ta’minlashga harakat qilishni talab qiladi. Biroq aniq majburiyatlar yo‘qligi sabab choralar samaradorligi turlicha bo‘lib qolmoqda. Ota-onalar filtrlarni o‘chirib qo‘yishi ham mumkinligi bu tizimga shubhalarni kuchaytirgan.
Hukumat yana ijtimoiy tarmoqlarni baholash tizimini joriy etmoqchi. Unda platformalar zararli kontent, uzoq foydalanish xavfi, reklama cheklovlari va foydalanish vaqtini boshqarish imkoniyatlari bo‘yicha tahlil qilinadi. Bu foydalanuvchilarga har bir platformaning xavf darajasini tezda baholash imkonini beradi.

Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik muammosi global darajada dolzarb bo‘lib bormoqda. Masalan, Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan. Yevropa komissiyasi ham bolalarni himoya qilishni raqamli siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylantirgan.
AQShda esa sud qaroriga ko‘ra, Meta va Google kompaniyalari platformalarni qaramlik keltirib chiqaradigan tarzda ishlab chiqqani uchun $6 mln jarimaga tortilgan. Bu qaror kelajakda ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat kuchayishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaponiyada kuchli zilzila ortidan sunami xavfi e’lon qilingani haqida yozgan edi.