Chevrolet Onix narxidagi Volkswagen Jetta X avtomobili namoyish etildi

22-aprel 2026 12:26 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Onix narxidagi Volkswagen Jetta X avtomobili namoyish etildi
Foto: Volkswagen

Volkswagen Xitoy bozoriga mo‘ljallangan yangi Volkswagen Jetta X konseptini taqdim etdi. Model Pekin avtosalonidan oldin namoyish qilindi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Xitoyda Jetta Volkswagen’dan alohida, boshlang‘ich segmentga yo‘naltirilgan brend sifatida faoliyat yuritadi. U 2019-yildan beri arzon benzinli sedan va krossoverlar ishlab chiqarib kelmoqda. Endi esa brend gibrid va to‘liq elektr modellarga o‘tishni boshlamoqda.

Foto: Volkswagen

Jetta X to‘liq elektr krossover konsepti sifatida taqdim etildi. Hozircha modelning texnik xususiyatlari, batareya sig‘imi va yurish masofasi ochiqlanmagan. Biroq kompaniya dizaynni to‘liq namoyish qildi. Avtomobil tashqi ko‘rinishida keskin chiziqlar va kvadrat shaklli kuzov ustunlik qiladi.

Keng qanotlar, qora plastik himoya elementlari va tor LED chiroqlar modelga zamonaviy ko‘rinish beradi. Old va orqa qismida qizil aksentlar qo‘llanilgan. Salon minimalistik uslubda ishlangan. Unda katta ekranlar va kam sonli jismoniy tugmalar mavjud. Bu esa modelning zamonaviy texnologiyalarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

Foto: Volkswagen

Volkswagen Jetta brendi 2028-yilgacha beshta model chiqarishni rejalashtirmoqda. Ularning to‘rttasi yangi energiya avtomobillari bo‘ladi. Birinchi seriyali model joriy yilning o‘zida sotuvga chiqishi kutilmoqda. Kompaniya Xitoyda $15 ming atrofidagi arzon elektromobillar segmentiga kirishni maqsad qilgan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatni kuchaytiradi.

Volkswagen uchun Xitoy bozori muhim bo‘lib qolmoqda. Biroq so‘nggi oylarda kompaniya savdosi pasaymoqda. Mart oyida 125 mingdan ortiq avtomobil sotilgan bo‘lsa-da, bu o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga kam.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen ID. Unyx 08 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek