«Oltin qalam» milliy mukofoti tanlovi boshlandi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi «Oltin qalam» XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni e’lon qildi. Tanlov jurnalistika yutuqlarini keng targ‘ib qilish va sifatli kontentni rivojlantirishga qaratilgan.
Tanlovda televizion, radio, bosma va internet nashrlari yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi materiallar aniqlanadi. Har bir yo‘nalishda 1, 2 va 3-o‘rinlar beriladi. Shuningdek, O‘zbekiston haqida material tayyorlagan xorijiy jurnalistlar uchun ham alohida mukofotlar mavjud.
Bosh milliy mukofot g‘olibiga maxsus diplom, «Oltin qalam» haykalchasi va avtomobil topshiriladi. Birinchi o‘rin egalari 200 baravar (82,4 mln so‘m), ikkinchi o‘rin 175 baravar (72,1 mln so‘m), uchinchi o‘rin esa 150 baravar (61,8 mln so‘m) bazaviy hisoblash miqdorida pul mukofoti oladi. Rag‘batlantiruvchi nominatsiya g‘oliblariga 100 baravar (41,2 mln so‘m) miqdorda mukofot beriladi.
Ishtirokchilar 2025-yil 22-apreldan 2026-yil 22-aprelgacha e’lon qilingan 5 – 7 ta material bilan qatnashishi mumkin. Jamoaviy ishtirokchilar ham xuddi shuncha ish taqdim etadi.
Tanlovga hujjatlar orasida muallif haqida qisqa ma’lumot, pasport yoki ID nusxasi va aloqa raqami bo‘lishi kerak. Jamoalar uchun ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi ham talab qilinadi.
Materiallar 22-mayga qadar qabul qilinadi. Ishlar elektron shaklda yuboriladi. Natijalar 27-iyun kuni jurnalistlar bayrami doirasida e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan shaxmatchilar qancha mukofot puli olishi haqida xabar qilingandi. Qabul qilingan tartibga ko‘ra, Butunjahon shaxmat olimpiadasi (kattalar o‘rtasida) g‘olib va sovrindorlarga bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan mukofotlar beriladi.