Toshkentdagi Plug and Play Expo 2026’da 30 dan ortiq startap namoyish etiladi

Toshkentda 6-may kuni Plug and Play Uzbekistan Expo 2026 ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Tadbir «Turkiston» san’at saroyida tashkil etiladi.
Ko‘rgazma Plug and Play tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda. Unda investorlar, startap asoschilari va korporativ rahbarlar qatnashadi.
Ko‘rgazmada sun’iy intellekt va kreativ texnologiyalar yo‘nalishida 30 dan ortiq global startap ishtirok etadi. Ular Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yevropa va boshqa hududlardan keladi. Expo davomida sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, gaming va kreativ texnologiyalar muhokama qilinadi. Startaplar o‘z loyihalarini taqdim etadi.
Dasturda investorlar bilan uchrashuvlar va pitching sessiyalar ham bo‘ladi. Asosiy sahnada xalqaro ekspertlar chiqish qiladi. Maxsus hududda startaplar bilan bevosita muloqot qilish mumkin.
Ko‘rgazma 6-may kuni soat 16:30 dan 20:30 gacha davom etadi. Tadbirga kirish bepul, lekin ushbu havola orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.
2023-yildan beri Plug and Play O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirishga yordam bermoqda. Bunda ishtirokchilar 12 haftalik dasturdan o‘tadi, u yerda ekspertlardan yordam oladi, shuningdek, butun dunyodan yirik kompaniyalar, mentorlar va investorlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Expo 2026 ko‘rgazmasida ushbu dasturning beshinchi va oltinchi to‘lqindagi startaplar taqdim etiladi.
Tadbir doirasida startaplarning investorlar bilan tezkor taqdimotlar shaklida yopiq uchrashuvlari, ekspertlarning chiqishlari va panel muhokamalari, shuningdek, loyihalar taqdimotlari va tashrif buyuruvchilar asoschilar bilan bevosita muloqot qilishlari mumkin bo‘lgan ko‘rgazma o‘tkaziladi. Dasturni ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun o‘tkaziladigan netvorking sessiyasi yakunlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda venchur bozori uch yil ichida 11 barobar oʻsgani haqida xabar berilgandi. RISE Research direktori Ainur Janturina ta’kidlaganidek, Oʻrta Osiyodagi deyarli har beshinchi startap venchur moliyalashtirishni jalb qiladi.