
General Motors yangi 2027 Chevrolet Sonic krossoverini taqdim etdi. Model ilk bor Braziliyada namoyish qilindi. GM Authority’ga ko‘ra, sotuvlar may oyining birinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda.
Yangi Sonic brendning eng arzon krossoverlaridan biri bo‘ladi. U kupega o‘xshash dizayn va zamonaviy ko‘rinish bilan ajralib turadi. Model yosh auditoriyani jalb qilishga qaratilgan.
Avtomobil Chevrolet Onix platformasida ishlab chiqilgan. Shu sababli texnik jihatdan ham unga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Model balandroq klirens, kattaroq g‘ildiraklar va himoya plastiklari bilan krossover ko‘rinishiga ega.

Old qismida yangi dizayndagi radiator panjarasi va faralar qo‘llangan. Orqa qismida esa LED chiroqlar va gorizontal dizayn yechimlari ishlatilgan. Tashqi ko‘rinish Equinox EV modelidan ilhomlangan.
Salon va texnik xususiyatlar to‘liq ochiqlanmagan. Biroq model Onix’dagi dvigatel bilan chiqishi taxmin qilinmoqda.
Yangi 2027 Chevrolet Sonic dastlab Braziliya bozorida sotuvga chiqadi. Keyinchalik boshqa mamlakatlarga ham yetib borishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Onix narxidagi Volkswagen Jetta X avtomobili namoyish etilgandi. Xitoyda Jetta Volkswagen’dan alohida, boshlang‘ich segmentga yo‘naltirilgan brend sifatida faoliyat yuritadi. U 2019-yildan beri arzon benzinli sedan va krossoverlar ishlab chiqarib kelmoqda. Endi esa brend gibrid va to‘liq elektr modellarga o‘tishni boshlamoqda.