
Ispaniya chempionatining 33-turi doirasida «Barselona» o‘z maydonida «Selta»ni mag‘lub etdi, «Atletiko Madrid» esa safarda «Elche»ga imkoniyatni boy berdi. Natijada kataloniyaliklar turnir jadvalidagi ustunligini yanada oshirdi.

«Spotify Kamp Nou» stadionida kechgan uchrashuvda «Barselona» 1:0 hisobida zafar quchdi. Yagona golni 40-daqiqada Lamin Yamal penaltidan kiritdi. Ammo zarbadan so‘ng ispaniyalik vinger chap oyog‘ining son qismidan jarohat olib, shifokorlar yordamida maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Ushbu mavsumda 16 ta gol va 11 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan 18 yoshli futbolchining jarohati qanchalik jiddiyligi tibbiy tekshiruvlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
«Uning jarohati imkon qadar qisqa muddatli bo‘lishiga umid qilaman. U xotirjam bo‘lishi kerak, u yosh va albatta, tezda tiklanadi», – dedi «Barselona» yarim himoyachisi Pedri «Movistar Plus» kanaliga bergan intervyusida.
Turning yana bir qiziqarli bahsida autsayderlar qatoridagi «Elche» jamoasi o‘z maydonida grandlardan biri «Atletiko Madrid»ni 3:2 hisobida taslim etdi. Uchrashuvning 30-daqiqasida madridliklar a’zosi Almada qizil kartochka olib, jamoasini ozchilikda qoldirgani o‘yin taqdiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Mezbonlar safida gollarga 18-daqiqada Affengruber hamda 33 va 75-daqiqalarda Andre Silva mualliflik qildi. Mehmonlarning ikkita golini esa Niko Gonsales 10 va 34-daqiqalarda kiritishga erishdi.

Turnir jadvalida peshqadam «Barselona» yaqin ta’qibchisi «Real Madrid»dan 9 ochkoga o‘zib ketdi. «Atletiko Madrid» mag‘lubiyatga qaramay 57 ochko bilan 4-pog‘onani saqlab qoldi. G‘alabaga erishgan «Elche» 35 ochko to‘plab 15-o‘rinni band etgan bo‘lsa, «Selta» 44 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» g‘alaba qozonib, turnir jadvalida «Arsenal»dan ilgarilab ketgani haqida xabar bergan edi.