1-maydan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

Kursiv Uzbekistan 1-maydan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.
Ushbu maqolada siz quyidagilar bilan tanishishingiz mumkin:
- Pedagoglarga askarlarni kasbga o‘qitgan darslari uchun soatbay haq to‘lanadi
- 1-maydan davlat idoralarida qog‘ozbozlikni qisqartirish majburiy bo‘ladi
- Yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalar reyestri joriy etiladi
- «Toshkent irrigatsiya universiteti»da o‘qish yangi tartibda yo‘lga qo‘yiladi
- 1-maydan aliment to‘lamaganlarga moliyaviy va davlat xizmatlari cheklanadi
- 1-maydan «10 ming qadam piyoda» loyihasi start oladi
- Haj va umra safariga majburiy onlayn ro‘yxatdan o‘tish joriy etildi
- O‘zbekistonda «Aqlli» migratsiya shoxobchalari joriy etiladi
- O‘zbekistonda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etiladi
- Toshkent — Xiva yo‘nalishida tezyurar poyezd 2-maydan ishga tushiriladi
Pedagoglarga askarlarni kasbga o‘qitgan darslari uchun soatbay haq to‘lanadi

2026-yil 1-maydan esa askarlarni kasbga o‘qitishda ishtirok etayotgan pedagoglarga o‘tilgan darslar uchun soatbay ish haqi to‘lash tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, xizmatni o‘tab bo‘lgan va xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlar hamda harbiy qismlarda kasb o‘rganayotgan askarlar uchun o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
1-maydan davlat idoralarida qog‘ozbozlikni qisqartirish majburiy bo‘ladi

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Shuningdek, 1-maydan boshlab esa yanada qat’iy tartiblar amal qiladi. Jumladan, kelgusi 5 yil davomida smetalar tuzishda qog‘oz, siyoh va ofis texnikalariga ajratiladigan mablag‘lar har yili 15 foizga kamaytirib boriladi.
Bundan tashqari, printerlardan markazlashgan holda foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yiladi – ochiq ofislarda har 20 nafar xodimga 1 ta printer ajratiladi.
Shu bilan birga, har oyda bir marta «Qog‘ozsiz bir kun» ekoaksiyasi o‘tkazilib, hujjat almashinuvi imkon qadar raqamli shaklga o‘tkaziladi.
Yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalar reyestri joriy etiladi

Shu yilning 1-may sanasidan boshlab yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalari reyestri joriy qilinadi. Reyestrga kiritilgan va belgilangan tartibda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar va ularning xodimlariga 2017-yil 30-iyundagi PF–5099-son farmonda belgilangan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.
Shuningdek, patentsiz ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha bo‘lgan davrda foyda solig‘ini belgilangan stavkadan 50% pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
«Toshkent irrigatsiya universiteti»da o‘qish yangi tartibda yo‘lga qo‘yiladi

«Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yana takomillashtirish choralarini belgilash» to‘g‘risidagi prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida o‘qish yangi tartibda tashkil etiladi.
Talabalar uchun amaliyot ikki shaklda o‘tadi: birinchi – 6 oy davomida nazariy ta’limdan ajratilgan va hududga chiqib tashkil etiladigan malakaviy amaliyot; ikkinchi – «4+2» shaklida, ya’ni nazariy ta’lim bilan birlashtirilgan to‘liq uyushgan amaliyot.
1-maydan aliment to‘lamaganlarga moliyaviy va davlat xizmatlari cheklanadi

Shu yilning 1-may sanasidan boshlab aliment qarzdorligi mavjud bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘shimcha choralar qo‘llanadi. Xususan, qarzdorlik to‘liq bartaraf etilmaguncha yirik bitimlar tuzish, ayrim moliyaviy xizmatlardan foydalanish va davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklanadi.
Shuningdek, kredit qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq ijro harakatlari endilikda maxsus ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklatiladi.
1-maydan «10 ming qadam piyoda» loyihasi start oladi

O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan «10 ming qadam piyoda» loyihasi 1-maydan yana ishga tushiriladi. Mazkur tashabbus prezident qarori bilan tasdiqlangan «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida qayta tiklanmoqda.
Shu bilan birga, «Sog‘lom turmush tarzi» raqamli platformasi – 1hls.uz ham faoliyatini qayta boshlaydi.
Loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili Maxsus jamg‘arma hisobidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Haj va umra safariga majburiy onlayn ro‘yxatdan o‘tish joriy etildi

Haj va Umraga borish tartibi raqamlashtirilib, endi yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi.
Mazkur hujjat asosida «Haj va Umra yagona portali» ishga tushirildi. Endilikda muqaddas ziyoratga borishni istagan barcha fuqarolar ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, yangi tartib 2026-yil 1-fevraldan boshlab haj, 1-maydan esa umra safarlari uchun amal qiladi. Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib, safarlarni tashkil etishga ruxsat berilmaydi.
O‘zbekistonda «Aqlli» migratsiya shoxobchalari joriy etiladi

Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istondagi har bir tuman yoki shaharda migratsiya va personalizatsiya bo‘linmalarida SI asosida «Aqlli» migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Dastlabki bosqichda «Aqlli» shoxobchalarda belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, so‘ngra Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-maydan Migratsiya va personalizatsiya departamenti va uning hududiy boshqarmalari O‘zbekistonga elektron viza orqali kelgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarini bir martalik 30 kungacha uzaytirish huquqiga ega bo‘ladi.
O‘zbekistonda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etiladi

O‘zbekistonda yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirish maqsadida «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, shu yildan boshlab oliy ta’lim muassasalari «yashil kampus» loyihalarini ishlab chiqadi. Ushbu loyihalar Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va ta’lim muassasalarida ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.
«Yosh ekolog» ko‘krak nishoni uch darajada beriladi:
- III daraja — maktab o‘quvchilari uchun;
- II daraja — texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim talabalari uchun;
- I daraja — ekologiya yo‘nalishida yuqori natijalarga erishgan yoshlar uchun.
Toshkent — Xiva yo‘nalishida tezyurar poyezd 2-maydan ishga tushiriladi

2-maydan boshlab Toshkent va Xiva shaharlarini bog‘laydigan «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga jurnalistlarga bergan intervyusida xabar berdi.
Poyezd Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Tarkibida yetti vagon mavjud bo‘lib, ularning uzunligi 175 metrni tashkil etadi va uchta toifadagi yo‘lovchilarni qabul qiladi: VIP, biznes va ekonom – jami taxminan 390 kishi.
Avvalroq «Kursiv» nashri 1-apreldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.