2026-yilda to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 15,5 foizga oshdi

2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston xorijga jami $466,6 mlnlik to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda. Qo‘mita taqdim etgan raqamlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki ikki oyida sohadagi eksport hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 15,5 foizga o‘sgan.
Natijada to‘qimachilik mahsulotlari mamlakat umumiy eksport tuzilmasida 13,2 foizlik ulushni egalladi.

statistika boshqarmasi
Eksport qilingan mahsulotlar tarkibida eng katta ulushni tayyor to‘qimachilik mahsulotlari tashkil etgan bo‘lib, u 52 foizga teng. Undan keyingi o‘rinlarni 30 foizlik ko‘rsatkich bilan ip-kalava hamda 8 foiz ulush bilan trikotaj matolar band qilgan.
Shuningdek, xorijiy bozorlarga sotilgan tovarlar qatorida gazlamalar 7 foiz, paypoq mahsulotlari 2 foiz va gilamlar 1 foizni tashkil etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi eksport ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,14 mlrdga kamaygani haqida xabar bergan edi.