Toshkent shahriga qo‘shimcha 240 avtobus olib kelinadi

eʼlon qilindi
Hozirgi kunda shaharda 169 ta yo‘nalishda 1,9 mingta avtobus xizmat ko‘rsatmoqda
Foto: Tashbus

Toshkent shahriga qo‘shimcha 240 avtobus xarid qilinadi. Bu haqda xalq deputatlari shahar Kengashining qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi qarorida qayd etildi.

Unga ko‘ra, 16 ta yangi yo‘nalish ochiladi va kunlik qatnovlar soni yana ikki mingtaga oshiriladi. Shuningdek, jamoat transportiga ustuvorlik berish maqsadida yangi BRT yo‘laklari va qo‘shimcha avtobus polosalari tashkil etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda shaharda 169 ta yo‘nalishda 1,9 mingta avtobus xizmat ko‘rsatmoqda. Kuniga o‘rtacha 23 ming qatnov amalga oshiriladi va 1,4 mln yo‘lovchi tashiladi. Shu bilan birga, jamoat transportining umumiy qatnovlardagi ulushi atigi 35 foizni tashkil etmoqda.

Tahlillar davomida qator muammolar aniqlangan. Jumladan, tirbandlik paytida avtobus kutish vaqti 35 – 40 daqiqagacha cho‘zilmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda intervallar ortib ketgan. Ajratilgan avtobus yo‘laklari yetarli emas va mavjud yo‘llarning atigi 18,5 foizini qamrab olgan. Bekatlarning katta qismi zamonaviy talablarga javob bermaydi, ayrimlarida hatto konstruksiya ham mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri poytaxtdagi 103-avtobus yo‘nalishi o‘zgartirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek