Qozogʻistonda banklar oʻtkazmalar haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga berishni boshladi

Qozogʻistonda banklar fuqarolarning mobil oʻtkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga topshirishni boshladi. Birinchi chorak boʻyicha maʼlumotlar allaqachon yigʻilgan va hozir tahlil qilinmoqda.
Qozogʻiston Davlat daromadlari qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, aniqlangan tafovutlar asosida fuqarolarga bildirishnomalar yuboriladi. Biroq bu darhol jarima degani emas. Soliq organlari, avvalo, tushuntirish soʻraydi va vaziyatni mustaqil tuzatish imkonini beradi.
Agar shaxs oʻz kartasiga xizmat yoki savdo uchun pul olganini tan olsa, u soliq hisobotini topshirishi yoki tegishli toʻlovlarni amalga oshirishi kerak boʻladi. Oʻzini oʻzi band qilganlar esa maxsus ilova orqali faoliyatini rasmiylashtirishi mumkin. Norozi boʻlganlar tushuntirish berish huquqiga ega.
Moliya vaziri oʻrinbosari Yerjan Birjanovning ta’kidlashicha, hozircha aniq xulosalar chiqarish erta.
«Barcha banklar ma’lumotlarni topshirdi. Hozir ular qayta ishlanmoqda. Qaysi toifalar va qanday choralar boʻlishi haqida hozircha gapirish qiyin. Birinchi bildirishnomalar may oyida yuboriladi», – dedi u.
Uning qoʻshimcha qilishicha, soliqchilar ma’lumotlarni hali toifalarga ajratadi. Gap yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilganlar yoki boshqa shaxslar haqida ketishi mumkin. Bundan tashqari, turli banklardan olingan ma’lumotlar oʻzaro solishtiriladi.
2026-yildan yangi mezonlar joriy etilgan. Endi tekshiruv uchta shart bir vaqtning oʻzida bajarilganda boshlanadi. Ya’ni uch oy ichida 100 dan ortiq odamlardan pul tushishi, operatsiyalar muntazam boʻlishi va umumiy summa eng kam ish haqining 12 baravaridan oshishi kerak. Agar bildirishnoma e’tiborsiz qoldirilsa, soliq organlari qoʻshimcha tekshiruv oʻtkazishi mumkin. Ayrim holatlarda hisob raqamlari bloklanishi ehtimoli ham bor.
Eslatib oʻtamiz, mart oyida Oʻzbekistonda ham oʻtkazmalarda maqsadni koʻrsatish talabi joriy etilgan edi. Keyinchalik Oʻzbekiston Markaziy banki bu ma’lumotlar uchinchi shaxslarga berilmasligini bildirgan va talab bekor qilingan edi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda endilikda banklar kredit uchun kartadagi hamma pulni yechib ololmasligi haqida xabar bergan edi. Yangi qoidalarga koʻra, 2026-yil 15-apreldan boshlab kartada kamida bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning uch baravariga teng mablagʻ doimiy qolishi shart.