Germaniyada o‘zbekistonlik qassoblar uchun ish o‘rinlari ochildi

eʼlon qilindi
Viza, aviachipta va diplomni tan oldirish xarajatlari nomzod hisobidan amalga oshiriladi
Germaniyada o‘zbekistonlik qassoblar uchun ish o‘rinlari ochildi
Foto: istock

Germaniyada o‘zbekistonlik qassoblar uchun yangi ish o‘rinlariga qabul boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ish beruvchi Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashgan International People IP GmbH & CoKG kompaniyasi hisoblanadi. Nomzodlar bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi va ish sifatiga qarab uzaytirilishi mumkin. Taklif etilayotgan ish o‘rinlari soni 1,5 mingtani tashkil qiladi. Oylik ish haqi 2,8 ming yevro brutto bo‘lib, qo‘lga taxminan 1,8 ming yevro tegadi. Haftalik ish vaqti 50 soat qilib belgilangan.

Nomzodlar 23 yoshdan 41 yoshgacha bo‘lgan erkaklar bo‘lishi, bakalavr diplomiga ega bo‘lishi va sudlanmagan bo‘lishi kerak. Ish beruvchi tomonidan rasmiy mehnat shartnomasi va barqaror ish imkoniyati taqdim etiladi. Shu bilan birga, turarjoy uchun oyiga 280 yevro, ovqatlanish uchun esa 100 yevro xarajat ko‘zda tutilgan.

Viza, aviachipta va diplomni tan oldirish xarajatlari nomzod hisobidan amalga oshiriladi. Biroq bu xarajatlarning bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab berilishi mumkin. Shartnoma muddati yakunlangach, ushlab qolingan soliqlar qaytarilishi ham qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ruminiyada o‘zbekistonlik fura haydovchilari uchun yangi ish o‘rinlariga qabul boshlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek