
Xiaomi kompaniyasi 2026-yil may oyida bir vaqtning o‘zida ikkita yangi mahsulotini taqdim etadi. Gap Xiaomi 17 Max smartfoni va Xiaomi YU7 GT sport avtomobili haqida ketmoqda. Bu haqda MyDrivers nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi 17 Max kuchli texnik xususiyatlarga ega bo‘ladi. Qurilma 8000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. U 100 Vt tezkor simli va 50 Vt simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfon Qualcomm Snapdragon 8 Gen 5 protsessorida ishlaydi. Unda 6,9 dyuymli OLED ekran bo‘ladi.
Kamera tizimi ham kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy kamera 200 MP, periskop kamera 50 MP va keng burchakli kamera ham 50 MP bo‘ladi.
Xiaomi YU7 GT sport avtomobili ham shu tadbirda namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi nega arzon elektromobillar ishlab chiqarmasligi haqida xabar berilgandi. Kompaniya rahbari Ley Junning aytishicha, narxi $14 mingdan past bo‘lgan modellardan voz kechiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy va aqlli avtomobillarni ishlab chiqish xarajatlari yuqori bo‘lgani uchun arzon segmentga kirish qiyin. Ley Jun yangi avlod SU7 modelida 100 dan ortiq yangilanish borligini aytdi.