Saida Mirziyoyeva Samarqandda ichimlik suvi va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva davlat rahbari topshirig‘i bilan Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda u Telegram-kanali orqali xabar berdi.
Toyloq tumanida mahallalarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari ko‘zdan kechirildi. Suv tarmoqlari yangilanib, aholiga qulay sharoit yaratish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.
Urgut tumanida esa yangi turar joylar, maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari qurilayotgani hamda mavjud obyektlar kengaytirilayotgani bilan tanishildi.

Tashrif davomida fermerlar oilasi — Haydarovlar xonadonida bo‘linib, ularning tajribasi ijobiy baholandi. Ushbu tajribani keng ommalashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezident topshirig‘i bilan qayta qurilgan «Navoiy» oilaviy poliklinikasi faoliyati ham o‘rganildi. Bu yerda 16 ta qishloq aholisi, xususan ayollar uchun zamonaviy tug‘ruq bo‘limi xizmat ko‘rsatmoqda.
«Kuni kecha ushbu dargohda birinchi chaqaloq – Shavkatjon dunyoga keldi. Men buni boshlagan barcha ishlarimizning xayrli ekaniga bir ishora, deb bildim. Ona-bolaga mustahkam sog‘lik tilaymiz. Yangi mehmonning tolei baland bo‘lsin», — deydi Mirziyoyeva.

Bundan tashqari, hududda yangilanishga muhtoj obyektlar, jumladan musiqa maktabi hamda Geologlar mahallasidagi bolalar bog‘chasi holati o‘rganildi. Mazkur bog‘cha kapital ta’mirlanibgina qolmay, to‘liq qayta quriladi. Rekonstruksiyadan so‘ng u Samarqanddagi eng yirik maktabgacha ta’lim muassasasiga aylanib, 600 nafargacha bolani qabul qiladi.
Tashrif yakunida viloyat va tuman rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyeva Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Ghebreyesus bilan uchrashgandi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, raqamli tibbiyot samaradorligini oshirish va farmatsevtika bozorini tartibga solishni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratgan.