Toshkentda korxona rahbaridan 8 ming dollar talab qilgan elektr muhandislari qo‘lga olindi

Toshkent shahrida elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi noqonuniy harakatlarda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular tijorat banki filialida o‘rnatilgan elektr hisoblagich noto‘g‘ri ulanganini aniqlab, katta miqdorda jarima rasmiylashtirgan. Muhandislar ushbu jarimani kamaytirib berish evaziga elektr hisoblagichni tarmoqqa ulagan korxona rahbaridan $8 ming talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muhandislar pulni uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qurilish boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi qo‘lga olingandi. Ma’lum qilinishicha, mansabdorlar o‘zaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga tegishli Yangi Namangan tumanida joylashgan 2 qavatli noturar bino bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilgan. Ular qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i hamda loyiha hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga $22 ming talab etgan.